Diplomatik mojaro o’tgan yilgi qonli voqealar bilan bog’liq. Isroil armiyasi o’shanda G’azo sektoriga yo’nalgan gumanitar karvonga hujum qilib, 10 kishini o’ldirgan edi, aksariyati turklar.
“Nyu-York Tayms” gazetasi ushbu hodisa yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti olib borgan tekshiruv natijalarini kecha internetda chop etdi. Unda yozilishicha, G’azo blokadasi qonuniy, ammo sektor ahliga yordam eltayotgan kemani to’xtatish uchun Isroil armiyasi “haddan ziyod” kuch qo’llagan.
“Natijada begunoh odamlarning qoni to’kildi. Yahudiy davlati haligacha qoniqarli bir tushuntirish bermagan”, - deyiladi BMT hisobotida.
Hujjatning to’liq matni bugun ommaga havola etiladi. Xalqaro hay’atning ilk xulosalari Turkiya qo’yayotgan talablar bilan hamohang, ya’ni tavsiya shuki, Isroil rasman kechirim so’rab, o’lganlar oilasiga kompensatsiya to’lashi kerak.
Fojia tafsilotlari aks etgan maxfiy hisobot internetda paydo bo’lishi bilan, Isroil elchisi Anqaradan chiqarib yuborilgan. Turkiya elchisi ham vatanga qaytdi.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning ogohlantirishicha, Isroil kechirim so’rashdan bosh tortayotgani munosabatlarni yanada chigallashtiradi.
Shu paytgacha, janjal diplomatik yo’llar bilan hal etiladi degan umid bor edi. Xalqaro hisobot shu maqsadda bir necha bor kechiktirilgan ham.
Siyosiy tahlilchi Soli Ozel so’zlariga ko’ra, murosa uchun berilgan muhlat o’tdi hisob.
“Turkiya sanksiyalarni ishga solishi, Falastin davlatini tan olishga da’vat etishi mumkin. Bundan tashqari, Isroil harbiylari va hukumati ustidan xalqaro sudga shikoyat ham ehtimoldan xoli emas”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar sobiq ittifoqchilarni yarashtirishga ko’p harakat qildi. Ammo tomonlarni murosaga ko’ndira olgani yo’q.
Xalqaro sharhlovchi Semih Idiz izohicha, Yaqin Sharqda bugun siyosiy manzara tamoman o’zgargan, Turkiya mintaqada kattaroq nufuzga ega ekani sir emas.
“Vashingtonning vositachi sifatidagi faolligi ham shundan dalolat beradi”, - deydi u.
Aloqalar sovigani bilan, Turkiya-Isroil o’rtasida savdo hajmi tobora kengayib borayotgani kuzatiladi. Bugungi kunda qariyb uch milliard dollarga teng.
Iqtisodiy sanksiyalardan hech bir davlat manfaatdor emas, deya qayd etadi mutaxassislar.