O'rta dengizda 4100 migrant qutqarilgan

  • Amerika Ovozi

Italiya rasmiylariga ko'ra, o'tgan ikki kun ichida O'rta dengizda, Liviya sohillari bo'yida 4100 migrant qutqarilgan, 10 nafari cho'kib ketgan.

Yigirmaga yaqin kemada Yevropaga ketayotganlarning ko'pi erkaklar bo'lgan. Odam savdosida gumon qilingan ikki kishi hibsda. Qutqarilgan migrantlar Italiyaning Lampedusa, Sitsiliya va Kalabriya shaharlariga yetkazilgan.

Afrika va Yaqin Sharqdagi notinch nuqtalardan, jumladan Suriyadan qochgan minglab odamlar dengiz orqali Yevropa tomon ana shunday xatarli safarga chiqadi. Ob-havo yaxshilanishi bilan migrantlar oqimi yanada kuchayishi kutilmoqda.

Suvsizlik, ochlik va cho'kib ketish oqibatida shu yilning o'zida halok bo'lganlar 1200 dan oshdi. Italiya uning hududiga kirib kelayotgan muhojirlar oqimini to'xtatish, yetib kelganlarini joylashtirishda Yevropa Ittifoqidan yordam so'rab keladi.

O'tgan oygi sammitda qit'a davlatlari qutqaruv ishlariga atalgan mablag'ni uch baravar oshirib, oyiga 10 million dollar ajratishga qaror qilgan.