Yaqinda dunyoning eng yirik va kuchli 20 davlati rahbarlari Germaniyaning Gamburg shahrida uchrashganida AQSh prezidenti o’rniga ayrim majlislarda uning qizi ishtirok etdi. Siyosat va oila orasidagi chegara qayerda? Davlat rahbarining qizi uning o’rnini to’ldirish vakolatiga egami? Yakkahokimlik chuqur ildiz otgan jamiyatlarda yurtboshchilar turmush o’rtoqlari va farzandlariga yuqori lavozimlarni beradi. Lekin Amerika demokratik diyor. Har bir qaror uchun xalqqa javob berishingiz kerak. Ivanka Tramp Donald Tramp o’rnida so’zlay oladimi?
Oq uy nazarida Katta Yigirmalik sammiti risoladagidek o’tdi.
Oq uy boshqaruvchisi Rins Pribus hammasi a’lo, deydi.
“Prezident Yevropada boshchilik qildi. Katta Yigirmalikning rahbarlari unga ergashdi. Gamburgdagi sammit yulduzi bizning prezident bo’ldi. Oydek ravshan. Fakt shuki, u AQSh har sohada birinchi, deyapti”.
Prezident Donald Tramp Amerikani emas, o’z oilasini birinchi qo’yayapti, deydi norozi tomonlar. Sammitdagi majlislarda qatnashishga qiziqmadi. O’rniga qizini tayinladi. Prezident kursisida Ivanka o’tirdi.
Afrika haqidagi muhokamada Amerika rahbari emas, uning hech qanday vakolatga ega bo’lmagan qizi o’tiribdi, degan shov-shuv ko’tarildi. Voqea mazxara qilindi. Diplomatik protokol buzildi. Global liderman degan davlat o’zini uyaltirdi, deydi guvohlar.
AQSh sobiq Moliya vaziri Lorens Sammers nazarida prezident o’rniga qizini tashlab ketishi, vazirlar va ularning o’rinbosarlari turganida kursini farzandiga topshirishi uyat va butun hukumat a’zolarini noqulay vaziyatga tushiradigan holat. Davlat rahbari har bir qarorga chuqur mas’uliyat bilan yondashishi kerak, deydi u.
Prezident Tramp bu tanqidlarga odatdagidek “Twitter” orqali javob berdi. Uning yozishicha, prezidentlik uchun u bilan kurashgan Hillari Klinton ham qizi Chelsiga kursisini bergan bo’lar edi. Chelsi Klinton Trampga “ota-onam hech qachon bunday qilmagan bo’lar edi”, deya javob qaytardi.
Germaniya rahbari Angela Merkel bu borada o’z fikriga ega.
“Biror majlisda prezident qatnashadimi yoki boshqa odam, buni delegatsiyaning o’zi hal qiladi. Ivanka Tramp AQSh delegatsiyasi a’zosi sifatida keldi. Buni hamma ko’rdi va boshqa delegatsiyalarda ham har xil odamlar bor. Ivanka Oq uyda ishlashini bilamiz. Uning turli tashabbuslar ortida turgan odam ekani ham ma’lum”, - deydi Merkel.
Oq uy matbuot kotibi muovini Sara Xakabi Sanders deydiki, jurnalistlar Ivanka Trampni tinch qo’yishi kerak.
“Ivanka bilan aslida faxrlanishimiz kerak. U qatnashgan majlislarda aynan u shug’ullanadigan mavzular muhokamada edi. Agar familiyasi Tramp bo’lmaganida unga bunday hujum qilishmagan bo’lar edi. Uni maqtashgan bo’lardi”.
Ivanka Tramp va uning umr yo’ldoshi Jared Kushner rasman prezident maslahatchilaridir. Oq uy va Tramp biznes imperiyasi o’rtasidagi zanjir ko’plab amerikaliklarda norozilik uyg’otadigan fakt. Siyosat va ishbilarmonlik orasidagi chegara qayerda? Oq uyda etika va oshkoralik qoidalari buzilmoqda, deydi fuqarolar.