Yaponiya o’tgan bir yarim asr ichida bunday dahshatli ofatni boshdan kechirmagan.Ayni damda 35 million aholi chiroqsiz o'tiribdi.
Mamlakat tsunami oqibatlari bilan kurashar ekan, tabiiy ofat ta’siri qimmatbaho qog’ozlar bozoriga ham qattiq sezilib, aksiyalar bahosi tushib ketgan.
Zilzila paytida yapon supermarketlaridagi videokameralar tasvirga tushirgan manzarani tomosha qilsangiz, bugungi moliyaviy vaziyatni tushunish qiyin emas. Ofat Tokio aksiya bozori yopilay deb turganda yuz berdi. Bugun savdo ko’lami nihoyatda pasaygan.
Yevropa birjalarida ham shu ahvol. Zilzila vayron qilgan binolar uchun sug’urta qanchalik yuqori ekani haqida gap ketar ekan, investorlar sarmoya qilishdan bosh tortishi turgan gap.
Lekin Ben Kollett kabi tahlilchilar, vaziyatni baholashga shoshmang, deydi.
"Odatda tabiiy ofatlar jahon bozoriga har jihatdan ta’sir qiladi. Zarar ko’lami haqida bilganimiz sari ayniqsa aksiya bozoridagi qiymatlar tusha boshlaydi. Lekin bu savdo to’xtab qoldi degani emas”,- deydi Kollett.
Amerikada o’tgan oy iste’mol mollariga talab oshgan. Lekin Yaponiyadagi ofat sabab bu ijobiy xabar tsunami dahshati ostida ko’milib ketdi. AQShning yirik investorlari tabiiyki chet eldagi sarmoyadan xavotirda.
Energetika kompaniyalari savdo yomon emas desa, neft birlashmalari mahsulot narxi arzonlashganini aytmoqda. Yaponiya katta xaridor, deydi ular.
Nyu-Yorkda aksiya bozori tahlilchisi Piter Kosta fikricha bu vaqtinchalik holat.
“Menimcha, hammasi joyiga tushib ketadi. Hamma hozir qancha zarar yetgan deb so’ramoqda. Bu ayonlashsa, savdo yana qiziy boshlaydi. Achchiq haqiqat shuki, dunyoda eng ko’p yonilg’i iste’mol qiladigan uchinchi davlat – Yaponiyada hozir mahsulotga talab keskin kamaygan.”
Tsunami Yaponiya ichki tizimlarini barbod qilgan. Qayta qurish ishlari boshlansa, buning ham jahon bozoriga ta’siri bo’lishi turgan gap.
"Yaponiyaga sarmoya oqimi oshadi", - deydi iqtisodchi olim Tom Vosa. "Tabiiy ofatlar ketidan odatda shunga guvoh bo’lamiz".
Talofat haqida ko’proq ma’lumot ayon bo’lgani sari buning oqibatlarini jahon iqtisodiyotida ham seza boshlaysiz, deydi ekspertlar. Ayniqsa, Yaponiya yetakchilik qiladigan avtomobilsozlik va texnologiya sohasida.
Global moliyaviy inqirozdan katta aziyat chekib, endigina o’ziga kelayotgan Yaponiya yaqin yillargacha iqtisodiy jihatdan dunyodagi eng qudratli ikkinchi davlat edi. Bu o’rinni Xitoyga boy berdi.
Yaponiya hukumati “Bu og’ir kunlarni yenga olamiz, tiklanishga qodirmiz”, deya ishonch bildirmoqda.
11 mart kuni Yaponiyani qaqshatgan tabiiy ofat tasviri...