Tabiiy ofat Yaponiyaga katta ziyon keltirdi, ammo Chernobil fojiasidan yiroq

  • Amerika Ovozi

Tabiiy ofat Yaponiyaga katta ziyon keltirdi, ammo Chernobil fojiasidan yiroq

Yaponiyaning tabiiy ofat natijasida zarar ko'rgan Fukushima atom elektr stansiyasida ishdan chiqqan reaktor sovutgichlarini ta'mirlash ishlari bugun davom ettirildi.

Kecha olti reaktordan ikkisi tutay boshlagach, barcha muhandislar evakuatsiya qilingan edi. Rasmiylarning aytishicha, barcha reaktorlarga elektr kabellari tortilgan bo'lib, bir necha kunda ba'zilarining faoliyati tiklanadi. Ammo reaktor sterjenlarini sovutib turuvchi purkagichlarning qachon ta'mirlanishi yoki yangilanishi ma'lum emas. Mutaxassislarning aytishicha, hududda nurlanish darajasi oshmagan va ishchilar salomatligiga tahdid yo'q.

Zilzila va sunami yetkazgan zarar o'rganilmoqda. 21 mingdan ziyod odam nobud bo'lgan yoki bedarak ketgan. Jahon Banki hisobicha, zarar ko'lami 235 milliard dollar atrofida bo'lib, Yaponiyaning Kobe shahrini qaqshatgan 1995-yil zilzilasidan ko'rilgan iqtisodiy zarar hajmidan ikki baravar ko'p.

Mutaxassislarning aytishicha, fojia ko'lami 1979-yilda AQShdagi eng yirik yadro krizisidan kattaroq bo'lsa-da, Chernobil fojiasi darajasida emas.

AQShda joylashgan Energetika va atrof-muhitni tadqiq qilish instituti prezidenti Arjun Makxijanining aytishicha, Yaponiyadagi kabi inqiroz hali hech yerda bo'lmagan.

"Bu juda ham jiddiy avariya", - deydi Arjun Makxijani. "Biroq radioaktiv nurlanish Chernobil darajasida emas".

1986-yil Ukrainadagi fojia reaktorlardan birining portlashi oqibatida yuzaga kelib, qo'shni Belarus va Rossiya ham radiatsiyaga uchragan edi.


Yadroviy energiya tanqidchilaridan biri Kevin Kempsning aytishicha, nurlanish odatda tez tarqalib, radioaktiv yod izotoplari odamning qalqonsimon bezlarini nishonga oladi.

"Bemorga tarkibida kaliy yodi bor tabletkalar o'z vaqtida berilsagina radioaktiv yodni organizmdan chiqarish mumkin. Chernobilda odamlar nurlanganida rak, qalqonsimon bez epidemiyasi kabi kasalliklarga uchragan edi", - deydi Kemps.

AQShda eng yirik atom avariyasi 1979-yilda Pensilvaniya shtatida sodir bo'lib, reaktor qisman erib ketgan edi. Biroq Yaponiyadagi fojia undanda jiddiyroq.

AQShdagi noxush voqeada qurbonlar yoki jabrdiydalar bo'lmagan, insonlar va hayvonlarda keyinroq oz miqdorda radiatsiya aniqlangan edi.

Atom reaktorlari bir necha qatlamli qobiq ostida bo'ladi, chunki reaktordagi sterjenlardan o'ta yuqori darajali harorat taraladi. Sterjenlar suv bilan sovutiladi, sovutgich ishdan chiqsa, sterjen qizib, erib ketishi mumkin.

Kevin Kempsning aytishicha, Fukushimada yadroviy muhandislar ortiqcha qizib ketishning oldini olishga harakat qilyapti.

"Sterjenlar harorati tushirilmasa, sovutgich tizimi faoliyati tiklanmasa, reaktor erib ketib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetishi muqarrar", - deydi Kevin Kemps.

Vaziyat qanchalik izdan chiqishini, avariya jiddiy fojiaga aylansa, oqibatlari qanday bo'lishini bashorat qilish qiyin hozircha. Chernobil falokatidan 20 yil o'tgach ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti uning asoratlariga qarshi 10 yillik dastur joriy etib, shu kungacha davom etmoqda.