Prezident Obama ketiboq Kobulda portlash

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston poytaxtida, prezident Barak Obama safari tugashidan ko’p o’tmay, portlash ro’y berib, yetti kishi o’lgan. Jangarilar Kobulda xalqaro tashkilotlar zich joylashgan, qattiq himoyalangan hududga zarba bergan.

Tolibon bu uning ishi ekanini aytmoqda. Amerika rahbari tashrifiga javob edi va bu hali boshlanishi, deydi ular.

Guvohlarning aytishicha, xurujlarni ayollar libosiga o’rangan jangarilar sodir etib, natijada o’nlab bolalar jarohatlangan.

Mahalliy xavfsizlik kuchlari hujumni qaytarib, bir necha soatdan keyin hudud ustidan nazoratni qo’lga olgan.

NATO matbuot kotibi, general Karsten Jeykobson hujumni “jangarilar talvasasi” deb atab, begunoq xalq jabr tortmoqda, dedi. U mahalliy xavfsizlik kuchlari javobini maqtadi.

Afg’oniston sharqida bugun boshqa bir portlash NATOning ikki askarini hayotdan olib ketgan.

Jangarilar o’tgan oy Kobulga shiddat bilan hamla qilib, shaharni falaj holatga solgan edi. 18 soat davomida markaziy tumanlar va diplomatik idoralar qamalda qolgan edi.