Bugun Ukraina janubidagi Xerson viloyatida Dnepr daryosi bo’yida joylashgan Yangi Kaxovka suv omborining qulashi natijasida atrofdagi hududlarni suv bosmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani dambani ichkaridan portlatganlikda aybladi. Rossiya tarafiga ko’ra esa, Ukraina armiyasining so’nggi yarim yil davomida suv omboriga hujumlari hamda undagi suv sathining Ukraina tomonidan sun’iy ravishda ko’tarilishi mazkur fojiaga sabab bo’ldi.
Sovet paytida qurilgan Yangi Kaxovka gidroelektrostansiyasi Qrim yarim oroli va Zaporojye atom elektrostansiyasini suv bilan ta’minlab turadi. Qrim rasmiylari hududda ichimlik suvi yetarli ekanini aytgan bugun.
Suv ombori urush boshidan beri Rossiya nazoratida edi, biroq o’tgan yili Ukraina uning shimoliy qismini ruslardan tortib olishga muvaffaq bo’ldi.
Zelenskiy idorasiga ko’ra, ruslar ukrain harbiylarining Dnepr daryosidan o’tib, ularga zarba bermasligi uchun to’g’onni portlatgan.
"Dambani tashqaridan turib qulatish mumkin emas. Uni ichkaridan minalashtirib portlatishgan. Bu ishni rus bosqinchilari qilgan”, - dedi Zelenskiy.
Uning aytishicha, 80 ta shahr va qishloqni suv bosgan, odamlar evakuatsiya qilinmoqda.
Balandligi 30 metr, eni esa 3,2 kilometr bo’lgan to’g’onda 18 ming kubometr suv bor edi.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik rasmiylarining xavotir olishicha, suv omborining qulashi Zaporojye atom elektrostansiyasini suvsiz qoldirishi mumkin. Suv inshotdagi reaktorlarni sovitish uchun kerak.
Xerson viloyatining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbariyati toshqinga uchragan rayonlardan aholi evakuatsiya qilinishini aytdi.
Rossiya Dnepr daryosining sharqiy qismini, Ukraina esa g’arbiy qismini nazorat qiladi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, uch kun oldin qarshi hujumga o’tgan, ammo biror yutuqqa erishmagan Ukraina e’tiborni ushbu muvaffaqiyatsizligidan chalg’itish maqsadida to’g’onga hujum qilgan.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, oxirgi uch kunda ukrain qo’shinlarining barcha hujumlari qaytarilib, Ukraina 3700 dan oshiq askar, 52 ta tank, jumladan Germaniya uzatgan “Leopard” tanklari, 5 ta samolyot va ko’plab boshqa harbiy texnikasini yo’qotgan.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini o’tkazishga chaqirdi, Yevropa Ittifoqi va “Katta Yettilik” guruhini Rossiyaga qo’shimcha sanksiya qo’yishga da’vat etdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, dambaning qulashi Rossiya bosqinining natijasidir.