Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay NATO havo hujumida 14 kishi o’lganini qoralab, xalqaro koalitsiyaga “so’nggi bor” ogohlantirish berdi.
Voqea janubdagi Hilmand viloyatida ro’y bergan. Hujumda halok bo’lganlarning barchasi ayollar va bolalar. Olti kishi jarohat olgan.
“Xalqaro koalitsiya afg’on hukumat ruxsatisiz o’tkazayotgan reydlarda oddiy odamlar qurbon bo’layapti. Bunga chek qo’yish kerak”, - deydi Hamid Karzay.
Xabarlarga qaraganda, AQShning Hilmanddagi harbiy bazasi nishonga olingach, havo kuchlari chaqirtirilgan. Ikki uyga raketa tushib, ikki ayol va 12 bola o’lgan. Voqea yuzasidan tekshiruv ketmoqda.
Ham Karzay ma’muriyati, ham aholi NATO hujumlaridan g’azabda. Xalqaro koalitsiya bilan tortishuvga sababchi asosiy muammo ham shu.
Afg’on rahbari “maxsus amaliyotlar va tungi reydlarni” taqiqlashni buyurgan. “Mahalliy armiya bu vazifani o’z zimmasiga oladi”, - deydi u.
NATO qo’mondonlarining bayon qilishicha, tungi reydlar Tolibon yetakchilarini qo’lga olish va yo’q qilish uchun effektiv chora, lekin afg’on armiyasi bu operatsiyalarga boshchilik qilishga tayyor emas.