Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev AQShga uch kunlik safarda.
Tashrif chog’ida aloqalarni mustahkamlash, energetika, savdo, sarmoya va yadro quroli tarqalishiga qarshi kurashda hamkorlikni oshirish muhokamada.
Saudabayev jumladan bugun AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bilan ko'rishdi.
"Qator muhim mavzularda dialogni davom ettirish har ikki davlat uchun muhim ekanini ta'kidlab o'tmoqchiman", - deydi Klinton.
"O'tgan 2010 yilda AQSh va Qozog'iston aloqalari juda sermahsul bo'ldi. Bugungi uchrashuv mana shu hamkorlikni sarhisob qilish uchun noyob imkoniyat edi. Bu yil ham natijalar yanada ijobiy, yanada boy bo'lishidan umidvormiz", - deydi Saudabayev.
Shuningdek, vazir Amerikaning faxriy diplomatlari Kolin Pauel, Brent Skovkroft va Zbignev Brzejinskiy bilan uchrashdi.
AQSh sobiq Davlat kotibi Kolin Pauel bilan suhbatda tomonlar strategik hamkorlikni oshirish yo'llari haqida fikr almashdi.
Saudabayev AQSh ekspertlari bilan ko'rishar ekan, Qozog'iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi maqomida erishgan natijalar, qabul qilingan qarorlarni bayon etdi.
Energetika departamenti qoshida, Yadroviy kelajak bo'yicha komissiya hamraisi Brent Skovkroft bilan muloqotda esa atom qurollari tarqalishining oldini olish, yadro energiyasidan foydalanish usullarini tilga oldi.
Bu tashrif o’tgan yilning bahorida prezidentlar Barak Obama va Nuruslton Nazarboyev muloqotining davomi sifatida ko’rilmoqda.
O’shanda rahbarlar Vashingtonda Yadroviy Xavfsizlik sammitida gaplashib, strategik hamkorlikka doir qo’shma bayonot imzolagan edi.
O’tgan yil sentabrida Qozog’iston Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Janar Aytjanova AQShda bo’lib, davlatining Jahon Savdo tashkilotiga a’zoligi masalasida gaplashgan edi.
Dekabrda esa Davlat kotibasi Xillari Klinton Ostonaga borib, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etdi.
Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayeva Vashingtonda muzokaralarni yakunlab, payshanba kuni Bryusselga yo’l olib, Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan uchrashadi.
Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 2010 yilga qadar rahbar bo’lib qoladimi?
Bu masala referendumga qo’yilishi kutilar ekan, G’arb, jumladan, Qo’shma Shtatlar bu tashabbusni tanqid qilmoqda.
Qozog’istonda prezident saylovlari 2012 yilda o’tishi kerak, lekin parlament Nazarboyevni qoldirish kerak, deya millionlab fuqaro imzosini to’pladi. Tashabbus Konstitutsion Sudga oshirilgan va masala bir oy ichida ko’rib chiqilishi kerak.
Taklifni avvaliga rad etgan Nazarboyev yaqinda deputatlar bilan majlisda “xalq fikri bilan hisoblashmay iloj yo’q” degan.
AQSh referendum demokratik tamoyillarga zid. Saudabayevning tashrifi chog’ida masala ko’tariladi-yo’qmi, noaniq.