Qozog’iston sudi ikki muxolifatchini norozilik namoyishlarini tashkil etganlik aybi bilan 15 kunga ozodlikdan mahrum etdi.
Sotsial demokratik partiya rahbarlari Amirjan Kosanov, Bulat Abilov va yana to’rt kishi ommaviy chiqishlardan oldin hibsga olingan edi. Sud hukmi o’qilganidan keyin ikkala faol ochlik e’lon qilgan.
Shanba kuni Almati shahrida yuzlab odamlar ko’chalarga chiqdi. Politsiya ularni to’xtatishga urindi. Miting qilgan faollarning bir nechtasi hibsga olingan.
Kosanov va Abilov 28-yanvar kuni uyushtirilgan namoyishlarda ham hibsga olingan va keyin qo'yib yuborilgan edi.
Muxolifat 15-yanvarda o’tgan parlament saylovlari natijalarini soxta deb biladi. Unda prezident Nursulton Nazarboyevning "Nur Otan" partiyasi g'alaba qozongan edi.
Muxolifatning yana bir lideri Jarmaxan Tuyaqbay ham yaqinda qo'lga olindi, lekin ogohlantirib, qo’yib yuborildi.
Yana uch faol, shu jumladan ikki jurnalist jarima to’lab hibsdan chiqib ketgan.
Poytaxt Ostona hamda mamlakat g’arbidagi Oral shahrida ham kichik namoyishlar kuzatilgan.
Faollar mart oxirida yana namoyishga chiqishini aytmoqda.