Qozog'iston BMT Xavfsizlik kengashiga a'zo bo'lmoqchi

BMT Bosh Assambleyasi, Nyu-York

Nyu-Yorkda 27-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining 68-sessiyasida O'zbekiston, Rossiya va Sudan singari davlatlarning bosh diplomatlaridan keyin so'zga chiqqan Erlan Idrissov, Qozog'iston tashqi ishlar vaziri, asosiy e'tiborni tinchlikka qaratdi. Jahon tobora beqaror, deydi u, Qozog'iston ahli xavotirda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston - Qozog'iston - Afg'oniston - BMTdagi nutqlar 2013/Navbahor Imamova


Yaqin Sharq va Afrikada iqtisodiy-ijtimoiy jabhalarda ancha rivojlanib olgan davlatlar bugun yana orqaga qarab ketmoqda. Osiyo bo'ylab ham ko'plab mamlakatlar beqaror, deydi Idrissov.

BMT a'zosi sifatida har bir davlat o'z oldidagi burch va majburiyatlarini bajarishi naqadar muhim ekanini aslo unutmaslik kerak. BMT global jihatdan eng qudratli organ bo'lib qolsin desak, u qo'ygan shartlarga bosh egish darkor, deydi Qozog'iston bosh diplomati.

"Qozog'iston Suriyada kimyoviy qurollar qo'llanilganini qoralaydi. BMT olib borgan mustaqil tekshiruv natijalarini tan olib, bu notinch davlatdagi ushbu xurujni insoniyatga qarshi jinoyat deb bilamiz",- deydi Idrissov.

"Biz BMT Xavfsizlik kengashining bu boradagi rezolyutsiyani quvvatlaymiz".

Bugun kengash bir ovozdan qabul qilgan hujjatga ko'ra, Suriya o'z nazoratidagi barcha kimyoviy qurollar haqida hisobot berib, ularni yo'q qiladi. Xalqaro hamjamiyat bu ishga bosh-qosh bo'ladi va izchil inspeksiya olib boriladi. Kecha AQSh bu loyiha ustida Rossiya bilan kelishib olgan edi.

Qozog'iston, shuningdek, Suriya kimyoviy qurollarni man etuvchi konvensiyaga ham qo'shilishi kerak deb hisoblaydi. Bu mamlakatdagi mojaro siyosiy muzokaralar orqali hal etilishi kerak, deydi Idrissov.

U o'z ma'ruzasida yadroviy qurol va materiallardan xoli dunyo yaratishga undadi. Qozog'iston o'tgan 22 yildan beri yetakchilik qilayotgan sa'y-harakatlarini sanab o'tdi. BMT a'zolarini Idrissov prezident Nursulton Nazarboyev taklif qilgan global tashabbusga qo'shilishga chaqirdi. Tashabbus umumbashariy deklaratsiya qabul qilib, yadroviy bomba yaratmaslikni va'da berishni o'z ichiga oladi.

Nazarboyev ma'muriyati Vashington-Tehron aloqalaridagi ijobiy o'zgarishlarni olqishladi. Prezidentlar Barak Obama va Hasan Ruhoniy muloqot boshlagani Ostona nazarida ayni muddao va Eron atom dasturi yuzasidan kelishmovchiliklar harbiy yo'l bilan emas, murosa orqali yechiladi degan umid bor.

Qozog'iston Afg'onistondagi uzoq yillik urush tugab, bu xalq astalik bilan hayotini tiklaydi degan niyatda. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo'lida birga ishlashga tayyor.

Osiyo, shubhasiz, tezlikda taraqqiy etmoqda va iqtisodiy o'sish yuqori, deydi Idrissov. Lekin qit'a turli mojarolar iskanjasida. Ular bartaraf etilmasa, shu kungacha erishilgan yutuqlar yo'qqa chiqishi hech gap emas, deydi diplomat.

Qozog'iston bu yildan boshlab BMT Inson huquqlari kengashiga a'zo. Bu vazifada u erkinlik va demokratiya masalalarida o'z pozitsiyasini targ'ib qilishga urinmoqda. Diniy hamjihatlik, tolerantlik singari qadriyatlarga e'tibor qaratmoqda. Idrissov BMTdagi nutqida shunga to'xtaldi.

Dunyo barqaror bo'lishi uchun global boshqaruvni kuchaytirish kerak, bu esa BMT mustahkam bo'lsin degani, deydi Qozog'iston tashqi ishlar vaziri. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy nizolarning oldini olish yangi choralar ko'rib, xalqaro muloqotni kengaytirish lozim, deydi u. Idrissov o'z davlati bosh qo'shgan qator tashabbuslarni sanab o'tdi.

Qozog'iston 2017-2018 yilda BMT Xavfsizlik kengashiga saylanmoqchi, muvaqqat a'zo sifatida. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi vakili sifatida dunyoning bu qismi manfaatlari uchun turib bermoqchi. Quyida bu maqsadda ishlangan reklama:



Idrissov nutqining oxirida Markaziy Osiyo ham ishsizlik, qashshoqlik va iqtisodiy-ijtimoiy illatlardan xoli emasligini ta'kidlab, bu nuqsonlar tinchlik yo'lida o'ziga xos tahdid deya aytib o'tdi.

Qozog'iston poytaxt Ostonada BMTning mintaqaviy markazini ochishni taklif qilmoqda. Davlat buning uchun zarur barcha xarajatlarni o'z bo'yniga oladi, deydi tashqi ishlar vaziri.

Erlan Idrissovning ma'ruzasini original holda mana bu yerda tomosha qiling:


http://link.brightcove.com/services/player/bcpid1722935254001?bctid=2701076663001&autoStart=false&width=640&height=360