Kerri va Lavrov: Suriyada muvaqqat hukumat tuzilishi kerak

  • Amerika Ovozi
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriyada urushni tugatish uchun muvaqqat hukumat tuzish haqida muzokaralar o'tkazishga bel bog'lagan. Tadbir Jenevada o'tadi. Biroq ular tinchlik jarayoni ishtirokchilari xususida yakdil emas.

Ikki davlat bosh diplomati dushanba kechqurun Parijda ushrashdi
.

“Biz, Rossiya va Qo’shma Shtatlar, Jeneva kelishuvi shartlariga rioya qilish niyatidan qaytganimiz yo’q. Ushbu shartnomaga ko’ra, Suriyada murosa asosida muvaqqat hukumat tuziladi. Bu hukumat Suriya xalqiga mamlakat kelajagini belgilash imkoniyatini beradi,” – dedi Kerri.

So’ngra Kerri va Lavrov Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius bilan uchrashib, ikkinchi Jeneva konferensiyasini o’tkazishni muhokama qildi.

Ular, shuningdek, Suriyadagi gumanitar ahvol hamda dushman taraflarning kimyoviy qurol ishlatganlik haqidagi o’zaro ayblarini muhokama qildi.

“Kimyoviy qurol ishlatilishi yuzasidan xavotirdamiz. Bu borada nima bo’lganini aniq bilishimiz kerak. Bir narsa aniq-ki, ham Rossiya, ham Qo’shma Shtatlar kimyoviy qurol ishlatilishiga qat’iyan qarshi,” – dedi AQSh Davlat kotibi.

“Vaziyat hech yaxshilanmayapti. Biz qon to’kilishi va Suriya xalqining aziyat chekayotganini to’xtatish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilamiz”, - dedi Lavrov.

Rossiya Suriya prezidenti Bashar al-Assadni qo’llab-quvvatlab keladi. AQSh esa muxolifat tarafdori.

Lavrov deydiki, Moskva va Vashington bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsa, katta natijaga erisha oladi.

Bunday bayonotlarga qaramay, Moskva va Vashingtonda muzokaralar ishtirokchilari yuzasidan yakdillik yo’q. Rossiya jarayonga Assadning yana bir tarafdori Eronni ham jalb etish niyatida.

AQSh avvalida Eron ishtirokiga qarshi chiqqan edi. Endi esa tinchlik muzokaralarida kim qatnashishi yuzasidan qarorni BMT bilan birgalikda qabul qilajagini aytmoqda.