27-aprel kuni ikki Koreya rahbarlari o’rtasida ilk uchrashuv Panmunjom qishlog’ida bo’lib o’tadi. Bu qishloq Janubiy va Shimoliy Koreyani bir-biridan ajratib turadigan, qattiq qo’riqlanuvchi noharbiy zonada joylashgan. 1953-yilda Koreya urushiga yakun yasagan sulh shu yerda imzolangan edi.
Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida joylashgan Panmunjom uchrashuvlar maydoni 1951-yilda, Koreya urushini tugatish uchun yaratilgan edi. Muzokaralar va janglar uch yil davom etgan, so’ng sulh imzolangan.
Bugungi kunda Panmunjom Koreya yarim orolining ikkiga bo’linganini eslatib turadi. Qishloq 250 kilometrga cho’zilgan noharbiy zonada joylashgan. Shimoliy va Janubiy Koreya askarlari bir-biriga yaqin turgan yagona nuqta ham shu.
Xavfsiz hudud deb belgilangan zonadagi ko’k kulbalarda hech kim yashamaydi. 65 yil avval tuzilgan BMT harbiy qo’mondonligi va Shimoliy Koreya hududni nazorat qiladi.
“Janubiy Koreya va AQSh qo’shma batalyon tuzgan. Uning vazifasi muloqot davomida xavfsizlikni ta’minlash”, - deydi AQSh armiyasi so’zlovchisi Elis Van Pul.
Chegara yuzasidan avvalgi muloqotlar ham Panmunjomda o’tgan. Ikki Koreya sammiti shu yerdan turib rejalashtirilmoqda.
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un o’rtasidagi uchrashuv noharbiy zonaning Janubiy Koreya tarafida joylashgan Tinchlik Uyi degan inshootda o’tadi. Bu Shimoliy Koreya rahbarining ilk bor janubga tashrifi bo’ladi.
“Uchrashuvlar qanday o’tishi, ikki rahbar binoga qanday kirib chiqishi, ularga kimlar hamrohlik qilishi - bular hammasi rejalash bosqichida”, - deydi AQSh armiyasi vakili.
Ikki davlat chegarasi qattiq qo’riqlansa-da, o’tgan yillar davomida o’rtada otishma va boshqa xavfli vaziyatlar kuzatilgan.
O’tgan yili noyabrda shimoliy koreyalik bir askar janub tomonga qochib o’tayotganida, chegarada o’z safdoshlari tomonidan otilgani kameralarga yozilgan.
Chegara hudud doim sayyohlar bilan gavjum. O’tgan yili Janubiy Koreyadan 100 ming turist kelib ketgan bo’lsa, shimoldan qariyb 30 ming odam tashrif buyurgan.
Noharbiy zonaning shimoliy qismidagi binolar “propaganda qishlog’i” degan nom qozongan. Ekspertlarga ko’ra, ularda hech kim yashamaydi. Shimolda “farovonlik” hukm surayotganini ko’rsatishga qaratilgan ko’zbo’yamachilik xolos.