Qirg'iziston korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashmoqda

Qirg'iziston bosh vazirining o'rinbosari Joomart Otorbayev (chapda), AQSh davlat kotibi muovini Robert Belyk va uning o'rinbosari Syuzan Elliot, Vashington, 18-aprel, 2012-yil


Qirg'izistonda so'nggi bir yarim yil ichida parlament va prezident yangilanib, hukumat iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga kirishgan. Asosiy urg'u korrupsiyani tugatib, biznes va sarmoya uchun muhitni yaxshilashga qaratilmoqda. Vashingtonga tashrif buyurgan Qirg'iziston bosh vazirining o'rinbosari Joomart Otorbayevning aytishicha, qisqa vaqt ichida bu borada ko'p ishlar qilindi.

Qirg'izistonda o'tgan yil dekabrida yangi prezident saylanib, parlamentdagi to'rt siyosiy partiya vakillaridan iborat koalitsion hukumat "100 kunlik" iqtisodiy islohotlar dasturini e'lon qilgan edi. Reja ijrosi uchun belgilangan muddat mart oxirida tugab, Bosh vazir Omurbek Babanov kelasi hafta parlamentda dastur bo'yicha hisobot beradi.

AQShga rasman tashrif buyurgan Qirg'iziston bosh vazirining o'rinbosari Joomart Otorbayev Vashingtonda Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz institutida "100 kunlik" iqtisodiy dastur haqida ma'lumot berdi.

Rasmiyning aytishicha, mamlakat oldida turgan eng katta muammo korrupsiya bo'lib, unga yechim topish dasturning asosiy maqsadi.

"Buning uchun davlat idoralarining fuqarolar va xususiy kompaniyalar bilan aloqasi cheklanadi", - deydi Otorbayev.

Xususan, joriy yildan boshlab tadbirkorlarni tekshirish va nazorat etish taqiqlanadi, agar firmalar o'tgan yilga qaraganda 20 foiz qo'shimcha soliq to'lashga rozi bo'lsa. Bundan maqsad byudjet tushumini oshirib, poraxo'rlikni tugatish.

"Qo'shimcha tarzda davlatning aholiga ko'rsatiladigan xizmatlar soni 20 mingdan 386 ga tushirildi, ya'ni 17 karra. Biznes litsenziyalar soni 600 dan 300 ga kamaytirildi. Asosan aholi salomatligi va davlat xavfsizligiga doir xizmatlar bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar litsenziya olishi kerak bo'ladi, ammo aksar hollarda ish ochish uchun davlat ruxsati zarur bo'lmaydi", - deydi Joomart Otorbayev.

Rasmiy nazarida davlat xususiy biznes va aholi hayotiga qanchalik kam aralashsa, pora olish va berish uchun muhit ham shu qadar past bo'ladi. Korrupsiyaga qarshi kurashning yana bir chorasi sifatida o'tgan oy moliya politsiyasi bekor qilinib, uning o'rniga iqtisodiy jinoyatlar bilan shug'ullanuvchi yangi organ ochiq tanlov asosida tuziladi.

"Bir kunda mamlakatning uchiga chiqqan 418 poraxo'ri ko'chada qoldi", - deydi rasmiy.

Aksil-korrupsiya kampaniyasi vositasida, deydi u, ikki yilda davlat byudjeti ikki baravar oshib, besh yilda iqtisodiyot ham shunchaga o'sadi. Bu illatga qarshi kurashda nodavlat tashkilotlar va matbuotning roli salmoqli.

"Matbuotda har kuni biror rasmiyning poraxo'rligiga doir maqolani o'qisa bo'ladi. Siyosiy raqobat kuchli bo'lgani sabab odatda raqib tomon poraxo'rni jurnalistlarga sotib qo'yadi. Ayni damda 20 ga yaqin yuqori lavozimli rasmiy, jumladan vazirlar korrupsiya ayblovi bilan tergov ostida", - deydi bosh vazir o'rinbosari Joomart Otorbayev.

Uning aytishicha, poraxo'rlikka qarshi kurash oson emas, chunki huquq-tartibot va adliya tizimlarining o'zi korrupsiya botqog'idan chiqmagan. Ammo bu borada eng xavfli toifa militsiya xodimlari yoki prokurorlar emas, balki sudyalar, deydi Otorbayev.

Mamlakat qashshoq bo'lgani bilan qayta eksport potensiali kuchli, deydi u, ya'ni fuqarolarning qo'shni Xitoydan mol olib, Markaziy Osiyo davlatlariga sotish quvvati salmoqli. Rossiyada mehnat qilayotgan yarim million qirg'izistonlik muhojir yurtiga yuborayotgan pul ham iqtisodiyotga yordam.

Joomart Otorbayev janubdagi ahvolga ham to'xtalib, hududning markaziy hukumat boshqaruvidan mustaqil ekanini beixtiyor tan olishga majbur bo'ldi.

"Tarix shuni ko'rsatadiki, tartibni tiklash uchun ikki yil kamlik qiladi. Dard-alam hali anchagacha odamlar qalbi va xotirasidan o'chmaydi. Hissiyotlar avjiga chiqqan hozirgi damda aql bilan bir ish qilib bo'lmaydi. Ular shu qadar kuchliki, ikki millat vakillari o'rtasidagi munozaralarga singib ketgan. Ammo umid qilamanki, ma'lum vaqt o'tgandan so'ng hamma narsa joy-joyiga tushib ketadi", deydi u.

Joomart Otorbayev boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda Davlat departamenti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasida bo'lib, yangi hukumat bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.