O'shda chodirlarda yashayotgan aholi qish kelsa nima bo'ladi deya xavotirda

O’sh va Jalol-Obodda yuz minglab insonlar taqdiri mavhum qolmoqda. Qirg'iziston janubini qariyb 800 ming o'zbek vatan deb biladi. Ularning yarmi bugun boshpanasiz va yordamga muhtoj.

Iyun oyidagi qirg’inda uy-joyi yonib kul bo’lgan, tirikchiligidan ayrilgan va hozirda chodirlarda yashayotgan odamlar qish kelsa nima bo’ladi deya xavotirda.

Jabrdiydalar orasida keksa yoshdagilar, bolalar ko’pchilikni tashkil etadi. Qirg’in ketidan kompensatsiya va’da qilgan rahbarlar bugun aholi 20-30 yillik kredit olishi mumkin deb e’lon qilgan.

“Amerika Ovozi” oilalar bilan suhbatda bo’lib, ularning ahvolini o’rgandi.

“Otim Mo’ttixon. Chodirda yashayapmiz. Endi havo hozir past bo’lib qoldi, yoshi katta odamlarga buni ta’siri bo’lar ekan. Tezroq uy qilib bersa yaxshi bo’lardi. Biz unaqa kreditga xo’p deyolmaymiz. O’zi pensioner bo’lsak, o’g’illarimiz hammasi bola-chaqalari bilan. Biz unga rozimasmiz, o’zlari qilib bersa mayli”.

Amerika Ovozi: Davlatdan qanday yordam kutayapsizlar?

“Shu tezroq uyimizni bitkazib bersa. Quruqqina, issiqqina uylarda o’tirishni xohlayapmiz. Unaqa yordam hali berilgani yo’q, o’zimiz tozalatib qo’ydik pul sarflab. Buyog’i qanaqa bo’ladi, bilmayman”.

“Uyi vayron bo’lganlar kimdir qarindoshinikida, iloji yo’qlar chodir-palatkalarda yashayapti. Gaz haliyam ulanib berilgani yo’q. Bir oydan oshiq svetsiz o’tirdik mana shu mahallada. Uniyam o’zimiz yugurib, o’zimizni kuchimiz bilan 5-10 so’m pul topib chiqib uladik. Davlat tomonidan 200 mingdan ssuda pul beramiz degan, 20 yilga. Otsrochka uch yilga qilib beryapti. Lekin aqlimiz yetmayapti by yanagi yil qurilib, bitib ketishiga. Masalan, 200 mingni ham birdaniga bermas ekan, 30 ming bir berar ekan. Qilingan ishni ko’rib, yana beramiz deyapti. Oilamizda sakkizta odammiz, hammamiz ishlamayapmiz. Men o’zi lyotchik bo’lganman. Ikki yildan beri ishlamay o’tiribmiz. Meni pensiyam 1741 so’m. Men uchun shaxsan bu ssudani foydasi yo’q. Menga uyimni tiklab bersin, bahosini aniqlasin. Uyimdagi temir-tersak, zapchastlarni o’zi 10 ming dollardan oshiq edi. Mana lo’lilarga beryapman, 10 ming dollarli temir-tersak 3 ming so’mga zo’rg’a yarayapti. Majburman berib yuborishga. Kutdim, komissiya kelib ko’rarmikan deb. Hech kim kelib, mulking nima bo’ldi degani yo’q. To’g’ri, arxitekturadan kelib, chizib-yozib ketishyapti, hozircha natijasi yo’q. Ko’plarni uylari yonganda dokumentlari ham yonib ketgan, chunki hamma qochgan bu yerdan. Ularga hukumat tomonidan yordam ko’rsatilyapti. Mahallamiz boshiga kelib, passportniy stoldan, dokumentlarni tiklashga harakat qilishyapti. Tezroq uylarni tiklash kerak-da. Yaqinda qish bo’ladi, gaz ulash kerak. Gaz xo’jaligidan hech kim kelmayapti”.

Amerika Ovozi: O’shda joylashgan xalqaro tashkilotlarning bir xona, bir dahliz uy qurib beramiz degan niyatlari bor. Shu tashkilotlardan odamlar keldimi?

“Shu tashkilotlardan “Save the Children” eng yaxshi yordam qilayotganlardan. Kecha kelib, chizib ketishdi. Ikki-iuch xona qurib beramiz degan niyatlarni bildirishyapti. Bepul. Menga o’lchab, joy ko’rsatinglar deb ketdi”.

“Men Yo’lchiyev Muhammadjon, pensioner. Mahalladagilar kunduzi kelib, shu yerda chodirni tikib olgan, yashashyapti. Kechqurun qarindosh-urug’inikiga borib, yotib kelyapti. Bu yerda yotishni iloji yo’q, ovqat degandek. Pensiyamiz o’zimizga zo’rg’a yetadi. Shuning uchun 200 ming kreditga yo’q dedik, pensiyadan uni uzolmaymiz-da”.

Amerika Ovozi: Boshqa qanday yordam kutyapsizlar?

“Kecha odamlar kelishdi, uyni solib beradi deyishdi. Bilmaymiz endi. Amerikaning qanday kompaniyasi ekan. Solib bersa yaxshi bo’lardi”.

Amerika Ovozi: Mahalliy davlat idoralari nima deyapti bu borada?

“Hech narsa degani yo’q. Ulardan hech narsa eshitganimiz yo’q. Bizga hech narsa degani yo’q, boshqalarga ham. Tezroq shu uyni bitkazsak, sovuq tushgancha. O’g’lim, kelinlar ko’chada qolgan. Dokumentlar, metrikalar, uyning dokumentlari hammasi kuyib ketgan. Qiyinchiliklar katta. Kelinim bechora bir-yarim oydan beri yugurib yuribdi, pasportniy stol, Qorasuv, ZAGS, boshqa. Bugun ham ketishdi. Ovoragarchilik, u yoqqa bor, bu yoqqa bor. Eski byurokratizm, undan ham o’tib ketdi hozir”.

Amerika Ovozi: Qator xalqaro tashkilotlar “biz uyi kuyganlarga uyini tiklashda qurilish materiallari bilan yordam berishimiz mumkin deyishyapti: sement, taxta, shefir. Shu narsalar aholiga berilsa, ular o’zlari qishgacha uyini tiklashga qurbi yetadimi?

“Agar davlat tomonidan qurilish materiallari yetarli miqdorda berilsa, ish haqiga pul ham berishi kerak. Odamlarda pul yo’q. Usta haqini beradigan miqdorda pul bersa, albatta qishgacha uni bitkazadi. Pul bo’lsa topsa bo’ladi, ustalar bor”.