Turkiya Qirgʻizistonga Istanbul mehmonxonalaridan birida oʻldirilgan xitoylik, etnik uygʻur Ayerkin Saymaitining oʻlimi boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi.
Qirgʻiziston Bosh prokuraturasining rasmiy saytida eʼlon qilingan mazkur maʼlumotga koʻra, tadbirkor Ayerkin Saymaitining oʻlimi yuzasidan qoʻlga olingan toʻrt kishining ikki nafari - Normuxamat Aripxonov va Huseyin Axmetaliyev Qirgʻiziston fuqarosi ekani, oʻzini Ali Isbex deb tanishtirgan gumondor suriyalik ekanini aytgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Yana bir gumondorning ismi Abdulla Enver boʻlib, Oʻzbekiston fuqarosi ekanini aytgan. Prokuratura qoʻlga olinganlarning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagani va ular Turkiya chegarasini noqonuniy kesib oʻtishganini maʼlum qilgan.
Saymaiti “Azattiq”, OCCRP va “Kloop” nashrlarining jurnalistik surishtiruvi uchun asosiy maʼlumot manbai boʻlgan.
Mazkur jurnalistik surishtiruv xitoylik tadbirkor Ayerkin Saymaitining oʻlimidan avval jurnalistlarga bergan maʼlumotlari asosida tayyorlangan. Muxbir bilan suhbatda u oʻzining Qirgʻizistondan 700 million dollardan ortiq pulni noqonuniy yoʻl bilan olib chiqqanini tan olgan.
Oʻzi fosh qilayotgan korrupsiya sxemasida pul yuvuvchi boʻlganini boʻyniga olgan Saymaiti kontrabanda va pullar xitoylik tadbirkor, Oʻzbekistondagi “Abu Saxiy” bozorining ilk asoschisi hamda ayni shu nomdagi kargo imperiyasining egasi Habibula Abduqodir oilasiga tegishli boʻlganini aytgan.
U bergan maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻiziston Davlat bojxona xizmati rahbarining sobiq oʻrinbosari Rayimbek Matraimov Abduqodir oilasining pora toʻplash va ularni yuqori lavozimdagi shaxslarga tarqatish ishini uyushtirishga masʼul boʻlgan. Shuningdek, Matraimov yordami bilan Abduqodir oilasining tovarlari Qirgʻiziston chegarasidan hech bir toʻsiqlarsiz va noqonuniy imtiyozlar bilan oʻtib turgan. Saymaiti bunday kelishuvdan Matraimovning oʻzi ham kattagina foyda koʻrganini aytib bergan.
Bu haqdagi jurnalistik surishtiruv eʼlon qilingandan soʻng qirgʻizistonliklar orasida hukumatdan xalq ichida “Rayim million” laqabi bilan tanilgan Rayimbek Matraimovning qamalishini talab qilganlar soni ortib, Bishkekda korrupsiyaga qarshi "#REaksiya" fuqarolik aksiyasi bo'lib o'tdi.
Korrupsiyaga qarshi tinchlik mitingiga chiqqan faollar huquq-tartibot idoralari rahbarlarining iste’foga chiqishi, mamlakatdan 700 million dollarni olib chiqib ketish sxemasiga aloqador shaxslar javobgarlikka tortilishi kabi talablarni ilgari surgan. Ular oʻz talablarini Qirgʻiziston prezidenti va deputatlarga yuborishgan.
“Amerika Ovozi”ga bu haqdagi fikrlarini bildirgan mediaekspert Abdumoʻmin Mamaraimov fikricha, korrupsiya haqidagi jurnalistik surishtiruv va bunga jamoatchilikning eʼtibori Qirgʻizistonda siyosiy-iqtisodiy burilish uchun zamin yaratishi mumkin. Faqat buning uchun siyosiy iroda kerak, deb hisoblaydi u.
“Hamma gap bitta odamga, davlat rahbariga bogʻliq boʻlib turibdi. Sababi barini shu odam bilan bogʻlashyapti-ku. Ularning [Jeyenbekov va Matraimovning] avvalgi doʻstona munosabatlari, saylovda bergan yordamlari haqida gapirilyapti. Bularning hammasi bejiz boʻlmasa kerak. Davlatning kelajagi, bugungi ahvoldan chiqib ketish, keskin burilish yasab siyosiy-iqtisodiy tomondan rivojlanishini istasak, eski doʻstona aloqalardan, boshqalardan koʻzimizni yumishimiz kerak”, - deydi u.
Qirgʻizistonlik jurnalist Ernis Nurdinovning fikricha, bugungi boʻlayotgan voqealar shunchaki Qirgʻizistondagi siyosiy kuchlar oʻrtasidagi kurashdir. Bu saylov oldidan siyosiy kuchlarning bir-biriga qarshi oʻyini boʻlmoqda, deydi u.
“Prezidentni yomonotliq qilishning eng oson yoʻli Matraimovning ishi boʻlyapti. Maqsad shuni roʻkach qilib, Prezident Jeyenbekovni elga yomon koʻrsatish. Bu faqatgina siyosiy oʻyin. Rayim Matraimov shu oʻyinning qurboniga aylandi”, - deydi oʻshlik jurnalist.
Abdumoʻmin Mamaraimov bu voqealarning 2020-yilda oʻtuvchi parlament saylovi taʼsirida boʻlayotgani haqidagi ehtimolni inkor qilmagan holda, buni tarixiy bir jarayon deb baholaydi.
“Nazarimda, asta-sekin muammolar, ayniqsa korrupsiyaga qarshi kurash masalasida tobora yangi imkoniyatlar ochilib, oʻzining yechimini topib kelayotgandek. Saylovning yaqinlashayotgani esa odatdagidek ana shu jarayonning rivojlanishiga turtki boʻlmoqda”, - deydi mediaekspert.
Yirik korrupsiya sxemasining muhim oʻyinchilaridan biri deb atalayotgan Rayimbek Matraimov 29-noyabrda Qirgʻiziston milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan tergovga chaqirildi. Tergov besh soatdan koʻp davom etgan. Ammo tergov tafsilotlari boʻyicha jurnalistlarga izoh berilmagan.
Avvalroq Rayimbek Matraimov kontrabandaga aloqasi yoʻqligini isbotlash va huquq-tartibot organlarining savollariga javob berish maqsadida Qirgʻizistonga qaytib kelayotgani haqida deputat Iskender Matraimov bildirgan edi.
Qirgʻiziston parlamentining deputati Iskender Matraimov Rayimbek - Matraimovning akasi. Matraimovlar klani mamlakatda katta nufuzga ega ekanligi aytiladi. Hatto ayrim tahlilchilar Qirgʻizistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atambayev bilan hozirgi Prezident Sooronbay Jeyenbekovning oʻrtasiga sovuqlik tushishiga ham Rayimbek Matraimov sabab bo’lganini aytishadi.
Bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda qizg’in muhokama qilinib, faollar o’z reaksiyalarini ochiq bildirayotganiga qaramay, Qirg’iziston hukumati hozircha o’z munosabatini bildirgani yo’q.