Jalolobodda o’zbek faoli nafrat urug’ini sochganlikda ayblanib qamoqqa olingan

  • Amerika Ovozi

Jalolobodda o’zbek faoli nafrat urug’ini sochganlikda ayblanib qamoqqa olingan

Qirg’iziston prokuraturasi huquq faoli Azimjon Asqarovni milliy nafrat urug’ini sochayotganlikda ayblab, qamoqqa olgan.

Ichki ishlar vazirligidanmiz deb kelgan odamlar uning Jaloloboddagi uyiga bostirib kirib, olib ketgan. Uning rafiqasi qo’shnilarnikida yashirinishga ulgurgan, deyiladi Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkiloti xabarida.

Asqarov etnik qirg’in haqida ma’lumot, dalil yig’ib borgan, bunda harbiylarning ishtiroki borligi haqida isbot qidirgan. Biroq unga qarshi qo’yilgan ayblov soxta, deydi Qirg’iziston ombudsmani Tursunbek Oxun.

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti Azimjon Asqarovning hayoti xavf ostida va uni ozod qilish kerak, demoqda.

U Bozor Qo’rg’on qishlog’ida o’zbek xonadonlariga hujumlarni suratga, videoga olib borgan. Mahalliy faollarning aytishicha, Asqarov qamoqda so’roq paytida qattiq kaltaklangan.

Undan video va suratlar qayerda ekanini aytishni talab qilishmoqda, deydi faolning hamkasblari. Bu do’pposlashlarga huquq himoyachisi uzoq chiday olmaydi, deydi ular.

Azimjon Asqarov “Vozdux” inson huquqlari tashkiloti direktori. Uzoq yillar davomida Jalolobodda huquq-tartibot xodimlarining noqonuniy faoliyati haqida izlangan, nomi chiqqan mutaxassislardan.

Ba’zi xabarlarga ko’ra, Jalolobod va O’shda Qirg’iziston ichki ishlar xodimlari ko’zga ko’ringan o’zbek faollarini hibsga ola boshlagan. Xususan, “Diydor” gazetasi bosh muxbiri Ulug’bek Abdusalomov 13 iyunda, “Do’stlik” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Vohid Ergashev 16 iyun kuni, Suzoq rayoni “Bilol” jome’ masjidi bosh imomi Muhammadjon qori 13 iyunda qamoqqa olingan.