Qirg’iziston jurnalistikasida o’zbek ayollari ko’p emas

Your browser doesn’t support HTML5

Qirgʻiz jurnalistikasida ayollar safi kengayar ekan, qirgʻizistonlik oʻzbek jurnalistlari tobora kamayib bormoqda. Umida Mirzaboyeva Qirgʻizistondagi kam sonli oʻzbek ayol jurnalistlaridan biri.

U Oʻsh shahridagi “Intimoq” telekanalida ishlaydi. Uning aytishicha, oʻzbek qizlari ichida ham jurnalist boʻlishni orzu qilganlar koʻp, ammo ham ish oʻrnining yetarli emasligi, ham mahalliy oʻzbeklar mentalitetidagi jurnalistika ayollar uchun toʻgʻri kelmaydi, degan tushuncha sabab bu kasbni egallagan oʻzbek ayollari koʻp emas.

Buning ustiga ayollarga oila masʼuliyati koʻproq yuklangani uchun, nafaqat jurnalist boʻlib, balki har qanday tarmoqda ishlash ayollar uchun oson emas, deydi Umida.

“T-Media” telekanalining muxbiri Jildiz Orozmatovaning aytishicha, qirgʻiz jurnalistikasida, aksincha, yildan-yilga jurnalist ayollarning soni ortib bormoqda. Ammo bu sohada ayollar soni nisbatan hamon kam, deydi “T-Media” telekanalining direktori Kubanichbek Jusanov.

Jildizga koʻra, ayol jurnalistlar asosan ijtimoiy mavzularga, shuningdek, xotin-qizlar huquqlari va muammolariga koʻproq eʼtibor qaratishadi.

BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi tarqatgan maʼlumotga koʻra, 2020-yili Qirgʻizistonda koronavirus sabab karantin eʼlon qilingan vaqtda oilaviy zoʻravonliklar soni 62 foizga koʻpaygan. Zoʻravonliklarning 90 foizida esa ayollar zulm koʻrgan.

Qirgʻiziston Milliy statistika qoʻmitasiga koʻra, 2019-yili ayollarga nisbatan amalga oshirilgan jinoyatlar soni 2018-yilga qaraganda 14 foizga koʻpaygan.

Jildiz ayollarga nisbatan zoʻravonliklar koʻpaygan bunday jamiyatda jurnalist ayollarning koʻpayishi katta ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng koʻp siyosiy namoyishlarni boshdan kechirgan Qirgʻizistonda jurnalist boʻlib ishlashning oʻziga yarasha qiyinchiliklari ham yoʻq emas, deydi u.