Tog’li Qirg’iziston tabiat ne’matlaridan qanday foydalanmoqda?

Har yili 11-dekabrda Xalqaro tog’lar kuni nishonlanadi. Yer kurrasi aholisining 13 foizi aynan tog’li hududlarda istiqomat qilayotgani ma’lum. Tog’lar - bu noyob osimlik va hayvonot dunyosi, toza ichimlik suvi manbai.

Jahon turizm industriyasining 15-20 foizi tog’ sayohatlaridan iborat. Va nihoyat, tog’ daryolari insoniyatni elektr quvvati bilan ta’minlaydi.

Tog’li olka bo’lmish Qirg’iziston tabiat tuhfalaridan naqadar samarali foydalanmoqda?Qanday imkoniyatlar, yutuqlar, dolzarb masalalar mavjud?

Mashhur Arslonbob o’rmonlari Farg’ona vodiysini o’rab turuvchi Bauboshota tog’larida joylashgan. Dorishunos shifokor G’afurjon Rahmonqulov yoshligidan shu joylarda o’suvchi shifobaxsh o’simliklarni o’rganib, ulardan odamlarni davolashda foydalanib keladi.

“Tog’lik aholi bardam, sog’lom. Uzoq umr ko’ruvchilarning bosimli qismi ham asli tog’liklardan iborat. Sababi hammaga ma’lum - sof havo, toza ichimlik suvi, oddiy va sifatli yemak-ichmak”, - deydi u.

Ayni paytda suhbatdosh tabiatga yetkazilayotgan ziyonlardan tashvishda.

“Bir paytlar men Arslonbob o’rmonlarida 150 dan oshiq shifobaxsh o’simliklarni o’rgangan edim. Hozirda taxminan 60 turi qoldi. Ularning ham ko’pi yo’qolib ketish xavfi ostida. Men ish boshlagan yillardabedanalar, kakliklar behisob edi. Endi o’ta kam uchraydi. Hammasida biz, insonlar, aybdormiz. Mol-hol o’simliklarni bosib-tepalab tashlayapti. Odamlar daraxtlarni o’tinga kesayapti”, - deydi dorishunos shifokor.

Uningcha, tog’ daryolarida kichik elektr stansiyalari qurish afzal. Shuningdek, qo’y-mol boqishni nazorat ostiga olish, alohida o’tloqlar ajratish lozim. Dorivor o’simliklarni tayyorlash va tibbiyotda tavsiya qilish ishlarini ham yo’lga qo’ymoq muhim.

Hayotjon Tariqov - malakali alpinist, hozirda tog’larga sayohat uyushtiruvchi tashkilotda faoliyat yuritadi.

“Qishda chang’i muxlislari kela boshladi. Tog’ ko’llariga sayohatlar uyushtirayapmiz”, - deydi suhbatdosh.

Hayotjon deydiki, Qirg’iziston tog’ turizmi sohasida ulkan imkoniyatlarga ega va ulardan oqilona foydalana bilish kerak.

“Aytaylik, sayohatchilar ko’paya boshlashi bilan atrof-muhitni turli chiqindilardan asrash masalasi dolzarblashmoqda. Tabiatni saqlash uchun qonunlarimizni takomillashtirish talab etiladi. Eng muhimi - aholining ekologiya sohasida savodxonligini, mas’uliyatiniko’tarish joiz”, - deydi mutahassis.

Uningcha, bu o’rinda keyingi yillarda ijobiy siljishlar ham ko’zga tashlana boshladi. Amaliy ishlar esa doimiy, davomli bo’lishi lozim.