Bishkekda aprelda ro’y bergan siyosiy o’zgarishlardan so’ng Qirg’iziston beqaror, to’qnashuvlar tinmayapti. Davlat, ichki-xavfsizlik organlari zaif ekan, jinoiy guruhlar fursatdan foydalanmoqda. Xalq bezori to’dalardan qo’rqib qolgan. Yaqinda Jalolobodda Qora Oybek deya tanilgan, mafiya yetakchisi Oybek Mirsiddiqov noma’lum shaxslar tomonidan otib o’ldirilgan.
O’sh viloyatida giyohvand modda tashuvchi bir necha shaxs qo’lga tushgan. Qirg’iziston shimolidagi To’qmoq shahrida esa oshxona va markazlarda bir necha portlash ro’y bergan. Jarohat olganlar bor.
Huquq-tartibot organlari bu jinoyatlarni terroristik akt deya ta’riflamoqda. Kuzatuvchilar aprel oyidan so’ng jinoiy guruhlar faollashganiga e’tibor qaratadi. O’shlik qalamkash Muhammadsoli Ismoilovning aytishicha:
“Bizda hokimiyat almashgandan so’ng huquq-tartibot organlari hali oyoqqa turgani yo’q. Huquqiy bo’shliq paydo bo’lganidan foydalanib turib, har qanday kuchlar o’zini namoyon qilmoqda. Mulkdorlarning dang’illama uylarini ko’rib turib, tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan hamyurtlarni ko’ra olmasdan yurgan odamlar orasidan mana shunday yovuz kuchlar ajralib chiqmoqda”.
Inson huquqlari bo’yicha “Sulaymon Nuri” nohukumat tashkiloti rahbari Sodiqjon Mahmudov so’zlariga ko’ra, jinoyatchilar o’lkadagi ijtimoiy-siyosiy tanglikdan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga intilmoqda:
“Aprel voqealaridan keyin restoran, kafelarga nomeri yo’q mashinalarda har xil odamlar kelib, pul talab qilgan. Birov bergan, birov bermagan. Ko’pchilik qo’rqqanidan ham bergan. O’sh stansiyasida mashina olib kelib sotgan bolalardan ham 500 dollar so’rashgan. Endi bu odamlarni o’z holiga qo’yib qo’ysangiz, albatta safi kengayib boraveradi. Shuning uchun davlat ularni vaqtida to’xtatib, jinoiy ish qo’zg’atishi kerak. Mana shu guruhlarni analiz qilib ko’rdik-da, ularning ustida davlatda katta ishlardan o’tirgan odamlar bo’lishi mumkin, degan fikrlar ham bor. Negaki, ular juda “nagliy” ish qilayapti. Biladiki, hech kim hech narsa qilolmaydi. Biror javobgarlikdan qo’rqmay qilayapti ular bu ishlarni”.
Mahalliy tahlilchilar nazarida kriminal guruhlarning mulkni qayta bo’lishga urinishi, o’zgalar molini bosib olish, boshqaruv tizimlariga o’z odamlarini kiritish harakatlari jamoatchilik va mamlakat xavfsizligiga ta’sir ko’rsatadi.
“Davlat xavfsizligi uchun yomon bu. Odamlar sarosimada. Muvaqqat hukumatga endigina uyg’onib kelayotgan ishonchni ham so’ndirib qo’yishi mumkin. Hozir davlatimiz, rasmiylarimiz xalqaro maydonda, xalqaro tashkilotlar oldida o’zini ko’rsatib ulgurmagan bir paytda qiyin xavfsizlik choralarini ko’rish. Tezroq referendum o’tsa-yu, rahbarlarimiz mahkam oyoqqa turib olsa, shundagina xavfsizlik qaror topishi mumkin, menimcha”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.
Kriminal guruhlarni jilovlashda jamoat tashkilotlari qanday yordam ko’rsatishi mumkin degan savolga tahlilchi shunday javob beradi:
“Huquqni muhofaza qilish idoralariga nohukumat tashkilotlar, jamoatchilik uyushmalari yordam berishi kerak, albatta. Ular jamoatchilikka murojaat qilib turib, xalq drujinalari yordamida har xil aholi punktlarida,qishloqlarda hushyorlik choralarini, qo’riqchilikni uyushtirish kerak-da. Nega deganda, qo’shning tinch bo’lsa, sen ham tinch. O’zimizning mahallamizning tinchligini saqlasak, keyin butun yurtda osoyishtalikni ta’minlash mumkin bo’ladi”.
Mutaxassislar g’alayondan keyin aholi qo’lida qurol ko’payib qolganidan tashvishda. Beqaror davlatda bu katta xavf-xatar kasb etishi muqarrar. Huquq-tartibot idoralari aholini qurol-yarog’ni topshirishga da’vat etmoqda. Bu maqsadda mukofot puli ham belgilangan. Qirg’iziston Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Rahmatullo Ahmedov so’zlariga ko’ra, tushuntirish ishlari natijasida odamlardan 464 dona qurol yig’ib olingan. Ixtiyoriy ravishda kelayotgan fuqarolar ko’pchilik.
“Biroq men aprel oyidan so’ng jinoyatchilik ko’lami oshdi degan fikrga qo’shilmayman”, - deydi u.
Qirg’izistonda qoradori savdosi asosiy tahdidlardan biri bo’lib qolmoqda.
“Giyohvand modda Afg’onistonda yetishtirib, Rossiyaga, Yevropaga tashiladi. Buni to’xtatish mumkin emas, chunki talab ham, taklif ham bor. Qirg’iziston transit yo’li sanaladi. Militsiya kuchsizlanib qolgani uchun narkotraffik uchun faollashgani aniq. Ular bir yerda to’polonni boshlab qo’yib, o’zlari boshqa yerdan tinchgina noqonuniy moddani tashiyotgan bo’lishi hech gapmas”, - deydi Sodiqjon Mahmudov.
Qirg’izistonda 2005 yilgi qizg’aldoq inqilobidan keyin ham jinoiy guruhlar faollashuvi kuzatilgan edi, deydi tahlilchilar.