“Freedom House”: Qirg'iziston qamoqxonalarida vaziyat ayanchli

  • Amerika Ovozi

Bishkekdagi hibsxonada namoz, 26-yanvar 2012

Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot “Freedom House” (Ozodlik Uyi) Qirg’iziston hukumatini huquq-tartibot, adliya va jazoni o’tash tizimlarini butkul isloh qilishga chaqirmoqda.

Sharoit xalqaro me’yorlarga javob beradigan holga keltirilishi kerak, deyiladi huquq va erkinlik masalalari bilan shug’ullanuvchi muassasa bayonotida.

Qamoqxonalarda vaziyat ayanchli; minglab mahbuslar norozilik tariqasida ochlik e’lon qildi. Og’zilarini tikib olish va o’z vujudini tilka-pora qilish hollari kuzatildi. Bu shundan dalolatki, deydi huquq tashkiloti, mahbuslar azob-uqubatdan to’ygan.

Bishkekdagi hibsxonada 391 mahbus og'zini tikib olgan. Faqat suv icha oladi. Qiynoq va azobga nisbatan javob bu, deydi ular. Mamlakat bo'ylab qariyb 1000 mahbus mana shunday norozilik namoyishi qilmoqda.

Ozodlik Uyi rahbari Deyvid Kreymer ta’rificha, Qirg’iziston qamoqxonalari hatto eng past talablarga ham javob bermaydi. Mahbuslar huquqlari toptaladi va ularning taqdiriga e’tibor yo’q.

Rasmiy Bishkekning bildirishicha, turmalardagi norozilik namoyishlari jinoiy to’dalar tomonidan uyushtirilgan.

Qiynoqlar Qirg'iziston qamoqxonalarida keng tarqalgan holat, deyiladi xalqaro hisobotlarda

Mutasaddilar deydiki, ayrim mahbuslar tartibni buzgani uchun jazolangani va qoidalar kuchaytirilgani g’azab uyg’otgan.

Axborot vositalari ayrim qamoqxonalariga kirib vaziyat bilan tanishgan. Huquq tashkilotlari aralashuvi bilan ba’zi mahbuslar og’zidan simlar olib tashlangan, ularga tibbiy yordam ko’rsatilgan.

Bishkek yaqinidagi Petrovka qishlog'ida joylashgan qamoqxonada o'tgan yillar ichida mahbuslar bir necha bor qozg'olon ko'targan

Lekin BMTning Qiynoqlar va noinsoniy munosabatlar bo’yicha maxsus vakili 2011-yilning dekabrida bergan hisobotida shuni ta'kidlaydiki, Qirg’iziston turmalarida sanitariya masalasi og’ir va mahbuslarni qiynoqqa solish hollari keng tarqalgan.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti ham qamoqxonalardagi sharoitni qo’rqinchli deya baholab keladi.

Qirg'iziston hukumati islohotlar boshlanganini bildiradi, ammo o'zgarishdan darak yo'q

Ozodlik Uyi nazarida hukumat bu muammoga qarshi kurash boshlagan va unga fuqaro jamiyatini jalb etib to’g’ri ish qilmoqda. Nohukumat tashkilotlardan maslahat olish, islohotlarni amalga oshirishda mutaxassislarga tayanish maqsadga muvofiq, deya bildiradi tashkilot.

Biroq nafaqat Ozodlik Uyi balki Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tahlilicha ham o’zgarish juda sust. Hukumat konkret choralar ko’rayotgani yo’q. Islohot hamon qog’ozda.

Bishkek hibsxonasidagi manzara:

http://www.youtube.com/embed/FM5DZ2gF2MA