Qirg’iziston mintaqaviy boj ittifoqiga kirishni mo’ljallayapti

Qirg’iziston mintaqaviy boj ittifoqiga kirishni mo’ljallayapti

Moskvada Rossiya-Qirg’iziston hukumatlar-aro komissiyasining majlisi bo’lib o’tdi. Unda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish haqida so’z borgan.

Rasmiy Bishkek joriy yil kuzida Qirg’iziston boj ittifoqiga kirish niyatini bildirgan edi. Ayrim axborot vositalari so’nggi payt Moskva va Bishkek aloqalari ancha iliqlashgani haqida maqolalar chop etmoqda.

Nufuzli nohukumat tashkilot rahbari bo’lmish siyosatshunos Orozbek Moldaliyev rasmiy Bishkekning qator loyihalarida ham qatnashib keladi.

Uning nazarida Qirg’iziston-Rossiya munosabatlari har tomonlama iliq va samarali deyishga hali erta.

“Aytaylik, Qirg’iziston parlament boshqaruviga o’tgani aksar rus siyosatchilariga yoqmagan. U yerda “agarda Qirg’izistonda yangi boshqaruv formasi ishlab ketsa, Rossiyaning ta’siridagi o’lkalarda ham bunday boshqaruv tizimiga o’tishimiz kerak, ta’birida talablar yangrashi mumkin” degan xavflar bor”, - deydi u.

Ayni paytda yuqori martabali qirg’iz mulozimlari Moskvaga tez-tez borib turadi. Orozbek Moldaliyev ushbu safarlarni iqtisodiy masalalar bilan bog’laydi.

“Aynan iqtisodiy munosabatlarda ancha o’zgarishlar bor. Bu o’rinda Qirg’iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev va Rossiya hukumati raisi Vladimir Putin janoblari o’rtasidagi tig’iz aloqalar muhim rol o’ynaydi”, - deydi suhbatdosh.

So’nggi tashabbuslardan biri – Qirg’iziston yaqin orada boj ittifoqiga kirish niyatini bildirgan. Rossiya tomoni ushbu tashabbusni qo’llayotganday tuyuladi.

Moldaliyev fikricha, bu qadam Rossiya ta’sirini kengaytirish uchun qulay. Qirg’izistonga kelsak, qator tahlilchilar ushbu iqtisodiy-siyosiy harakatni har tomonlama o’ylab ko’rish kerakligini aytishadi.

“Bizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar boj ittifoqiga kirgan mamlakatlarga qo’shimcha to’lovsiz jo’natilishi mumkin. Ammo tashqaridan kelayotgan tovarlar narxi bir qadar ko’tariladi. Masalani siyosiy tomoni ham bor – aytaylik qo’shni O’zbekiston va Tojikiston bilan bo’lgan iqtisodiy aloqalarimizda bir muncha muammolar paydo bo’ladi. Demak, mintaqa iqtisodiy to’siqlar bilan bo’linib qolishi xavfi ham yo’q emas”, - deydi suhbatdoshimiz.

Qator qirg’izzabon va rusizabon matbuot o’rtasida ikki tomonlama munosabatlar borasida ehtirosli bahslar mavjud.

“Darhaqiqat, bizdagi va Rossiyadagi ayrim ommaviy ahborot vositalarida har qanday maqolalar chop etilmoqda. Qirg’iz ro’znomalari Rossiya gazetalari bizdagi ahvolni bir tomonlama yoritayapti, deb kuyingan ma’noda chiqishlar qilmoqda. Qolaversa, ayrim ro’znomalarimizda millatchilik ruhida maqolalar ko’zga tashlanadi. Bu maqolalarga butun jamoatchilik fikri emas, balki o’sha mualliflarning nuqtai nazaridan qarash kerak”, - deydi siyosatshunos.

Qirg’iz-rus aloqalari haqida mulohaza yuritar ekan, Orozbek Moldaliyev mintaqa, ya’ni Markaziy Osiyo o’lkalari jipsligi zaruriyatini urg’ulaydi.

Suhbatdosh qator dolzarb masalalarda qo’shni mamlakatlar bilan kelishilgan holda siyosat yurgizilishi darkor, deb hisoblaydi.