Janubiy Qirg'iziston: Ayollar jamiyatda faolroq bo'lishi uchun harakat kuchaygan

O'sh, Qirg'iziston

Qirg’izistonning O’sh viloyat ayollar uyushmalari xotin-qizlarni mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga kengroq jalb qilish borasida tavsiyalar ishlab chiqqan. Hozirda ayollarning o’lka hayotida o’rni qanday? Qanday muammo va imkoniyatlar mavjud?

Your browser doesn’t support HTML5

Janubiy Qirg'izistonda ayollar faolligini oshirish uchun harakat kuchaygan - Muhiddin Zarif

Qirg’iziston ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollarning faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida qator qonunlar va chora-tadbirlar qabul qilingan. Qonun chiqaruvchi tizimlar bo’lmish kengashlarda ayollar uchun ma’lum foiz o’rin ko’zda tutiladi.

O’sh shahridagi “Diamond” nomli tashkilot rahbari Jamila Kaparova:

“Ayni paytda jamiyat biron amal yoki darajaga intilgan faol ayol shahsiyatiga o’ta katta, erkaklarga qo’yilmaydigan, talablar qo’yadi. U albatta o’ziga gard yuqtirmagan zot, namunali qiz yoki rafiqa, zahmatkash ona, tinim bilmas ihchi-hizmatchi, jonkuyar jamoat arbobi bo’lishi shart va bunday chig’riqdan har kim ham o’ta olmaydi”.

Suhbatdoshga ko’ra, mamlakatning shimoliy hududidan farqli o’laroq, Janubiy Qirgiziston xotin-qizlari diniy aqidalar va urf-odatlar bosimiga duchor va aynan ushbu omillar ayollar faolligini cheklab turadi.

“Oilaviy turmushning ikir-chikiri-yu, jamoa, mamlakat hayotining mayda-chuydasi - barchasi ayollar zimmasida. Uyda ham ayol yugur-yugur, bozorda ham, dalada ham. Olisda ish izlagan ham ayol. Bu holatni men xotin-qizlar ustidan zo’ravonlik ko’rinishi, deb bilaman”, - deydi O’sh viloyat O’zgan shahar ayollar kengashi boshlig’i, mahalliy o’rta maktablardan birining direktori Matluba Musaboyeva.

“Diamond” xotin-qizlar uyushmasi boshlig’i Jamila Kaparova aytishicha, Qirg’izistonda majburiy o’rta ta’lim olishning bekor qilinishi oqibatida yoshlarning bosimli qismi to’qqizinchi sinfdan so’ng o'qishni davom ettirmay qo’ygan. Oliy yoki o’rta maxsus o’quv yurtlariga kiruvchilar soni ozaygan. Qizlar balog’at yoshiga yetib-yetmay kuyovga uzatilayotir. Ish izlab chetga ketayotganlar ko'p. Natijada faol qatlam siyraklashib borayotir.

O’sh viloyati ayollar uyushmalari ishlab chiqqan hujjat tegishli idoralarga yuborilgan.

Jamila Kaparova uning mazmunini shunday tushuntiradi:

“Jumladan biz o’n bir yillik majburiy ta’limni qayta tiklashni taklif etdik, toki bilimli, faol avlod salmog’i o’ssin. Ikkinchidan, turli ayollar va qizlar yushmalari faoliyatini ildamlashtirish darkor. Shuningdek, din ahli bilan samarali hamlorlikni yo’lga qo’yishimiz lozim, toki dinning asl qadriyatlaridan bahramand bo’laylik va to’g’ri foydalanaylik”.

Joriy yilning oktabr oyida Qirg’izistonda parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Saylov natijalari ko’p jihatdan ayollar faolligiga bo’g’liq. Mahalliy siyosiy partiyalar aholi orasida ma’lumot-targ’ibot ishlari olib borishga kirishgan.

“Ayni paytda saylovchi ayollar, ayniqsa qishloqlarda, oila boshlig’ining ra’yiga qarab ovoz beradi. Masalan, ota yoki qaynota, falon partiyani qo’llaymiz, desa, xonadon o’shanga ovoz beradi”, - deydi ayollar uyushmasi rahbari Jamila Kaparova.

Nomzodlarga kelsak, aynan xotin-qizlar tashkilotlari tashabbusi bilan o’z vaqtida saylovda qatnashayotgan partiyalar ro’yxatlarida, demak, kengashlarda ayollar uchun ma’lun o’rin ajratilishi ko’zda tutildan.

“Hozirda partiyalar o’z ro’yxatlarida faol ayollarga joy beroytir. Ammo xotin-qizlar bu masalada tevarak-atrofdagilar, qarindosh-urug’lari fikri bilan hisoblashmay iloji yo’q. Yaqinlari qo’llab-quvvatlagan va moddiy jihatdan salohiyatli ayolgina nomzodini qo’ya oladi. Saylovoldi xarajatlari uchun ko’p mablag’ kerak”, - deydi Jamila Kaparova.

O’zgan shahar ayollar kengashi boshlig’i, mahalliy o’rta maktablardan birining direktori Matluba Musaboyeva nazarida, partiyalarning nomzodlari ro’yxatiga odatda “kimga kim yaqin bo’lsa kirib qoladi”.

“Partiyalar jamiyatda o’z o’rniga ega, hurmat-e’tiborga sazovor, gap-so’zi o’tadigan xotin-qizlar nomzodlarini olg’a sursa, maqsadga muvofiq bo’lar edi. Chunki odamlar aynan shunday insonlarga ishonadi”, - deydi Matluba Musaboyeva.