Janubdagi universitetlarda o'zbek tili yo'q qilinishi mumkin

O’sh va Jalolobodda ro’y bergan xunrezlik paytida zarar ko’rgan ilm dargohlari qayta ish boshlamoqda. Lekin hududda o’zbeklarga qarashli bir necha universitet nomi o’zgargan.

Mahalliy o’qituvchilar nazarida vaziyat hali ham tarang, xavfsizlik ta’minlanmas ekan, talabalarni o'qishga qaytarish oson kechmaydi.

Universitetlar keyingi o’quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni boshlagan bo’lsa ham, qabulxonalarda ilgarigi gavjumlik sezilmaydi.

O’shdagi Qirg’iz-o’zbek Universiteti endi Markaziy Osiyo Universiteti deya nomlanadi. Bu qaror oliygoh olimlar kengashi tomonidan qabul qilingan. O’shlik ziyoli Botir Asrorov nomning o’zgarishi muhim emas, bu bir tomondan hatto yaxshi ham, deydi.

“O’zgargani bir hisobdan yaxshi bo’libdi", – deydi u. "Qirg’iz-o’zbek Universiteti degan nomni eshitgan odamda bu yerda faqat qirg’izlar va o’zbeklar emas, boshqa millatlar ham o’qiydi-ku, degan e’tiroz tug’ilishi mumkin”.

Lekin universitet xodimlaridan birining aytishicha, nomning o’zgarishi o’tgan qonli voqealar bilan bevosita bog’liq.

“Bu so’nggi besh-olti yilda sodir bo’lgan siyosiy o’zgarishlarning natijasi", – deydi u. "Oxirgi paytlarda vazirlik va boshqa davlat organlari tomonidan universitetga salbiy munosabat kuchaydi. Tekshiruv ko’paygan”.

Jalolobod shahridagi Xalqlar do’stligi Universiteti, qirg'in paytida o't qo'yilgan va qattiq ziyon ko'rgan maskan nomi ham o’zgargan. Ushbu universitet ham O’shdagi Qirg’iz-o’zbek oliygohi shaklida tuzilgan bo’lib, ta’lim qirg’iz, rus va o’zbek tillarida olib borilardi.

Qirg’iziston janubidagi oliy o’quv yurtlari nomining o’zgarishi nimani anglatadi? Uning ta’lim yo’nalishiga qanchalik ta’siri bor? Qirg’iz-o’zbek Universiteti xodimining fikricha, bu, asosan, yangi hukumatning siyosatiga bog’liq.

O'shdagi Qirg'iz-o'zbek Universiteti

“Bu narsa ko’proq universitetning qanday yo’l tutishiga, davlat siyosatining qanday bo’lishiga bog’liq bo’ladi", deydi u. "Davlat g’oyani tanlab beradi, universitet shunga asosan ish olib boradi. Hozir o’zbek millatiga mansub fuqarolarni siqib chiqarishyapti".

"Agar shunday siyosat ketadigan bo’lsa, universitetda ham o’zbek o’qituvchilari sonini qisqartirishadi. Buni ko’rgan o’zbek aholisi ham bu o’quv yurtlariga kelmay qo’yishi yoki farzandlarini o’qishga chet elga chiqarib yuborishi mumkin”, - deydi u.

Bu haqda mahalliy aholining qarashi turlicha. Ayrimlar yangi siyosatning o’zbek talabalariga ta’siri bo’lmaydi degan fikrda. Masalan, o’shlik o’zbek talabasining fikricha, o’zbeklar bu yerlarda yana ilgarigidek ta’lim olishda davom etadi.

“Hech kim sen o’zbeksan, bu yerda o’qima, deb aytolmaydi", – deydi u. "Ayrim millatchi domlalar bo’lib o’tgan voqealardan keyin o’zbek talabalarini biroz qiynashi mumkin. Ammo bu yerda azaldan ko’p millatlar o’qigan va bundan keyin ham shunday bo’ladi”.

Boshqalar nazarida Qirg'iziston hukumati O'sh va Jalolobod viloyatlaridagi maktab va oliy o'quv yurtlarini qirg'izlashtirish siyosatini yuritmoqda. O'zbeklarni siqib chiqarish davlat idoralaridan keyin endi o'quv dargohlariga ko'chmoqda deydi ular.

Hozir Qirg’iziston janubidagi oliy o’quv yurtlari uchun qabul payti.

Hududda ro’y bergan qonli etnik to’qnashuvlardan keyin o’qish uchun hujjat topshirayotganlar soni juda kam. Universitetlar tumanlarda ham qabulxonalar ochgan.

Ammo o’qishga kirish istagida berilayotgan arizalar soni juda ozligi kuzatiladi.