Bishkekka ko’ra, O'zbekiston bilan chegara 1378 kilometrdan iborat bo’lib, 74 foizi xatlovdan o’tgan. 58 maydon xususida tomonlar biron to'xtamga kelmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Xo’sh, chegara masalasida ijobiy siljishlar o’rin olishi uchun nima qilmoq lozim?
Kuzatuvchilarning aytishicha, mavjud ahvol azaliy qardoshlik aloqalariga jiddiy putur yetkazmoqda.
Chegaradosh qishloqlar faollariga quloq tutamiz:
“Bordi-keldisiz tobora uzoqlashamiz bir-birimizdan. Ammo hech mahal ajrab ketmaymiz. Demak, masalani davlatlararo darajada bo’lsa ham yechmoq zarur. Avvalgi aloqalarni, qo’shnichilikni tiklaylik”, - deydi biri.
“U tomongan qiz olganmiz, qiz berganmiz… Odamlarga muloqot uchun shart-sharoit yaratish joiz”, - deydi ikkinchisi.
Bahsli maydonlar yechimini kutayotgan yana bir masala.
Sovet davridan meros qolgan qirg’iz-o'zbek chegarasining ba’zi bir maydonlarini aniqlash va xatlash - chigal, mushkul vazifa. Hujjatlarni solishtirish, o’zaro bir fikrga kelish vaqt talab qiladi.
Ikki hukumat tuzgan tegishli ishchi guruhlar va komissiyalar faoliyati esa keyingi yillarga ancha sustlashgan. Tahlilchilar bu guruhlarning faol ish olib borishi uchun ijobiy muhit, o’zaro hurmat hamda ishonch lozimligini urg’ulaydi.
Bahsli maydonlar ustida joylarda o'tadigan namoyishlar, ehtirosli chiqishlar va chaqiriqlar, mahalliy matbuot sharhlari ko’p hollarda vaziyatni keskinlashtiradi. Mahalliy aholi, mulozimlar hamda siyosatchilar “bu bizning yerimiz”, “bermaymiz”, “yo’l qo’ymaymiz” qabilida chiqishlar qiladi.
Bosim ostida qolgan idoralar mustaqil qaror qabul qilishdan cho’chib qolishi ehtimoli yo’q emas, deydi kuzatuvchilar.
Huquqshunos Abdumalik Sharipov fikricha, mahalliy jamoalar orasida tushuntirish ishlari olib borish, davlat idoralari hamda jamoatchilik o’rtasida o’zaro ishonch alohida ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislar nazarida davlat chegarasi masalalarida mamlakatning yakdil pozitsiyasi, markaziy hukumat irodasi ustuvorligi zarur. Aks holda tortishuvlarning cheki bo’lmaydi.
Qirg’izistonda bu sohada qator hollarda rasmiy Bishkek hamda mahalliy boshqaruv tizimlari o’rtasida hamfikrlik yo’qligi ko’zga tashlanadi. Aytaylik, shu kunlarda matbuot hukumat hamda Axsi tumani kengashining bahsli maydon hisoblanmish Unkartov borasida tortishuvini muhokama qilmoqda.
Bishkekdan siyosatshunos, Tashqi ishlar vazirligining Diplomatiya akademiyasi ilmiy xodimi Japar Birimqulov fikricha, davlatlar o’rtasida faol muloqot yo’qligi dolzarb masalalarni yechishda to’siq bo’lmoqda. Suhbatdoshga ko’ra, ikki mamlakat chegara masalalarini uzil-kesil hal etish uchun har ikki tomon oliy rahbariyatining siyosiy irodasi lozim bo’lib qoldi.
Chegara chizig’ini aniqlash ishlariga O’zbekiston 1924-1927-yillarda kechgan chegaralash jarayoni hujjatlari asosida yondashadi. Qirg’iziston tarafi esa 1955-yilgi komissiya materiallariga tayanib keladi.
Japar Birimqulov fikricha, bu boshi berk ko’cha. Va tomonlar nuqtai-nazarlarni yaqinlashtirish yo’llarini izlashi darkor, bu o’rinda qat'iy qadamlar talab qilinadi.
Birimqulov deydiki, har qanday muzokaradagi kabi, chegara chizig’ini aniqlashda, bahsli maydonlar masalasida ham o'zaro yon berishlarsiz ijobiy natijaga erishib bo’lmaydi.
“Ehtimol, qaysi bir maydonlarni almashtirishga to’g’ri ke’lar, bir joyda nimadir yo’qotilsa, ikkinchi joyda nimadir topiladi”, - deydi suhbatdosh.