Arab Ligasi Liviyaga qarshi harbiy kampaniyani qoralab chiqdi

Arab Ligasi Liviyaga qarshi harbiy kampaniyani qoralab chiqdi

Liviya rahbari Muammar Qaddafiy uning mamlakati G’arb bilan davomiy urushga tayyor ekanini aytmoqda.

Televideniye orqali eshittirilgan audio murojaatida, Qaddafiy AQSh va Yevropa davlatlarini Liviyaning ichki ishlariga aralashayotganlikda aybladi.

“Ular amalga oshirayotgan havo hujumlari terrorizmning bir ko’rinishi. Mustamlakachilik urushi bu”, - deydi u.

AQSh admirali Mayk Mullenga ko’ra, Liviya uzra parvozlarni taqiqlash operatsiyasi muvaffaqiyatli kechmoqda. Tinch aholi orasida talofatlar yo’q.

Arab Ligasi Liviyaga qarshi harbiy kampaniyani qoralab chiqdi

Liviya televideniyesi hujumlarda 48 kishi o’lgani va yana 150 nafari jarohat olgani haqida xabar tarqatgan. Buni mustaqil tarzda tekshirib ko’rishning iloji yo’q.

Muammar Qaddafiy ma’muriyatiga qarshi harbiy kampaniya BMT Xavfsizlik Kengashi roziligi bilan boshlab yuborildi.

Bosh maqsad, deyiladi kengash qabul rezolyutsiyada, Liviya aholisini Qaddafiyga sodiq kuchlardan himoya qilish, qirg’inga chek qo’yish.

Arab Ligasi Liviyaga qarshi harbiy kampaniyani qoralab chiqdi

Liviya bo’ylab parvozlarni man etuvchi bu hujjatga 5 davlat ovoz bermagan – Xitoy, Rossiya, Hindiston, Braziliya va Germaniya.

G’arb va arab mamlakatlari kecha Parijda majlis qilib, kampaniyani boshlashga qaror qildi.

Oradan bir necha soat o’tmay, Fransiya va Britaniya samolyotlari Liviya armiyasiga tegishli vositalar, jumladan harbiy mashina va tanklarni nishonga ola boshladi.

AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon ma’lumotiga ko’ra, O’rtayer dengizidagi kemalardan otilgan 100 dan ziyod raketa Liviya mudofaa sistemalarini ishdan chiqargan.

Muammar Qaddafiy unga qarshi xalqaro kampaniyani “salib yurishlari”ga qiyoslaydi.

“Bu tajovuzkorona harakat uchun albatta qasos olamiz. Fuqarolarga yurtini, o’z sha’nini himoya qilish uchun qurol tarqatamiz”, - deydi Qaddafiy.

Uning poytaxt Tripolidagi qarorgohi qarshisida kecha minglab liviyaliklar namoyish qildi, 42 yillik rahbarga jonimizni berishga tayyormiz, degan hayqiriqlar yangradi.

Arab Ligasi Liviyaga qarshi harbiy kampaniyani qoralab chiqdi

AQSh rahbari Barak Obamaning aytishicha, Liviya rahbari bu baloni boshiga keltirgan uning o’zi.

“Mustabid rahbar o’z xalqini ayovsiz qirayotganda, xalqaro hamjamiyat chetdan befarq qarab tura olmaydi”, - deydi Obama.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron “Qaddafiyga qarshi hujum yuridik jihatdan ham asosli” ekanini aytgan.

Ayni damda Kanadaning jangovar samolyotlari ham mintaqaga yo’l olmoqda. Italiya harbiy bazalari xalqaro koalitsiya uchun ochiq.

BMT rezolyutsiysiga ovoz berishdan bosh tortgan Rossiya va Xitoy, shuningdek, Afrika Ittifoqi hujumlarni bas qilishga chaqirmoqda.

Arab Ligasi Liviyaga qarshi harbiy kampaniyani qoralab chiqdi

Arab Ligasi rahbari Amir Musa kutilmaganda Liviyaga qarshi xalqaro kampaniyani qoralab chiqdi.

“Bu davlatni bombardimon qilishni emas, aholini himoya qilishni so’ragan edik”, - deydi tashkilot rahbari.

Aytish joiz, Qaddafiyga nisbatan harbiy chora qo’llash to’g’risidagi rezolyutsiya arab davlatlari quvvatlovida ovozdan o’tgan. Arab Ligasi Liviya uzra parvozlarni taqiqlashni so’rab, BMTga murojaat qilgan edi.

Rim papasi Benedikt mojaro yuzasidan bayonot berib, Liviya fuqarolari xavfsizligini ta’minlash, ularga gumanitar ko’mak yetkazish zaruriyatiga e’tibor qaratgan.