Liviyada xorijlik ikki muxbir o’lgan, hamkasb jurnalistlar taslim bo’lmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Tim Xezerington, jurnalist, fotograf va rejissyor

Kecha Liviyada Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar hujumi oqibatida taniqli ikki fotojurnalist – Tim Xezerington (Tim Hetherington) va Kris Xondros (Chris Hondros) halok bo’lgan.

Shunga qaramay, hamkasb jurnalistlar olovli manzil Misratada qolib, ishini davom ettirish qarorida qat’iy.

Qo’zg’olonlar boshlanganidan beri muxolifat nazorati ostidagi bu port shahar shiddatli janglarning guvohi bo’ldi.

Xezerington va Xondros chorshanba kuni hukumat va muxolifat o’rtasidagi keskin olishuvni yoritayotib halok bo’lgan, yana ikki jurnalist jarohatlangan.

Bu to’qnashuv kamida 15 fuqaroni hayotdan olib ketgani ma’lum.

Britaniyada tug’ilgan jurnalist, rejissyor va fotograf, 40 yoshli Tim Xezerington “Oskar” mukofoti laureati edi.

O’tgan 2010 yilda Afg’onistonda jang qilayotgan amerikalik askarlar haqida hikoya qiluvchi “Restrepo” filmi hammmualliflaridan edi. U Misratada granata urgan zahoti jon bergan.

Amerikalik Kris Xondros otishmada boshidan o’q yeb, bir necha soatdan keyin jon bergan. 41 yoshli Xondros Robert Kapa nomidagi Oltin Medal sovrindori edi. Bu medal fotografiya sohasida taqdim etiladigan eng oliy mukofotlardan biri sanaladi.

Kris Xondros, fotorgraf, jurnalist

Yana ikki fotograf-muxbir Gay Martin va Maykl Braun portlash oqibatida jarohatlangan.

AQSh hukumati Liviya rahbarlari va dunyo ahlini jang maydonida ishlayotgan, muammolarni yoritayotgan jurnalistlarni himoya qilishga da’vat etmoqda.

Har ikkisi, Xezerington va Xondros uzoq yillar konflikt zonalarida ishlab, Iroq, Afg’oniston, Afrika bo’ylab safar qilgan. Xondros Liberiya hayoti haqida yaratgan reportaji uchun jurnalistika sohasida obro’li mukofot - Pulitser sovriniga da’vogarlar safida edi.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining bildirishicha, Liviyada yana ikki muxbir halok bo’lgan.

Biri internetdagi Liviya Al-Hurra telekanali asoschisi, Bing’ozidagi janglarni yoritgan Muhammad al-Nabus. Al-Jazira telekanali operatori Ali Hasan al-Jabr mart oyida o’tib ketilgan.

Xalqaro matbuotda ishlovchi yana uch mutaxassis va liviyalik olti jurnalist dom-daraksiz ketgan. Ular Qaddafiy tarafdorlari qo’lida degan taxminlar bor.