Liviya poytaxtida armiya uchraganni otdi, G’arb sanksiya qo’ymoqchi

  • Amerika Ovozi

Sharqiy viloyat va shaharlar xalq qo'lida

Liviya poytaxti, o’tgan haftadan buyon namoyishlar o’tayotgan Tripoli ko’chalari bugun bo’m-bo’sh.

Mamlakat rahbari Muammar Qaddafiy qilgan do’q-po’pisadan keyin odamlar ko’chaga chiqishga qo’rqib qolgan.

Guvohlarning aytishicha, Qaddafiy tarafdorlari va qurollangan yollanma askarlar poytaxtni kezib, odamlarni qochirmoqda.

Ba’zida o’q ovozlari eshitiladi. Ko’cha-kuyda jasadlarni ko’rasiz.

Shahar ahlining so’zlariga ko’ra, jangchilar uchraganni ota boshlagan.


Kecha davlat televideniyesida chiqish qilgan Qaddafiy hokimiyatda qolaman, degan. Liviya rahbari unga sodiq kishilarni jangga chorladi.

“Hukumatga qarshi musht ko’targan terrorchi va jinoyatchilarning adabini berish kerak”, - deydi Muammar Qaddafiy.

“Dushmanga shafqat yo’q, isyonchilar faqat o’limga loyiq”, - dedi u.

“Bobom Abdusalom Bominyor shahid bo’lgan. Buyuk avlod sha’niga dog’ tushira olmayman. O’zim ham shahid bo’lishga tayyorman”, - dedi Qaddafiy.

Holbuki, mamlakat sharqi namoyishchilar qo’liga o’tgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi, 15 davlat a’zo guruh hujumni qoralamoqda.

“Liviyadagi vaziyatdan xavotirdamiz”, - deydi kengash rahbari Mariya Luiza Ribeyro Viotti.

Tashkilot zo’ravonlikni bas qilib, fuqarolarga qarshi hujumlarni tugatishga chaqirdi.

Xalqaro huquq mutaxassislari va gumanitar tashkilotlar Liviyaga kiritilsin. Fuqaroni o’qqa tutgan shaxslar javobgarlikka tortilsin, deyiladi kengash bayonotida.

Qaddafiydan yuz o’girgan diplomatlar Liviya rahbarlariga qarshi xalqaro chora ko’rish zaruratini aytadi.

Yuzlab odam nobud bo’lgani, tinch namoyishlar bostirilganidan afsusdamiz, deydi rasmiylar.

“Human Rights Watch” huquq tashkiloti chamasiga ko’ra, yakshanbadan beri Tripolida 62 odam o’lgan. O’tgan haftadan beri 300 fuqaro jon bergani aytiladi.

Qo’shma Shtatlar Liviyani ayanch va xavotir bilan muntazam kuzatib borayapti. Prezident Barak Obama qon to’kishni bas qilishga undamoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha so’zlab, Liviya armiyasi va hukumatning xatti-harakatini tanqid qildi.

Liviya hukumati bari uchun javobgar va bu jinoyatlarning oldini olishi, inson huquqlariga izzat ko’rsatishi lozim, deydi u.

Klinton butun Yaqin Sharq rahbarlarini vazminlikka, xolislikka da’vat etdi.

AQSh qonunchisi, Vakillar Palatasi Tashqi ishlar qo’mitasi raisi Ileana Ros-Leytinen Liviya hukumatini iqtisodiy sanksiya bilan jazolashni taklif qilmoqda.

Rasmiylarga viza berish man qilinsin, hisob raqamlari muzlatilsin, deydi u.

2003 yilda Qaddafiy ommaviy qirg’in quroliga qarshi ekanini bayon qilgan, so’ng prezident Jorj Bush Liviyaga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilgan edi.

Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi rahbari, senator Jon Kerri fikricha, Liviya BMT Inson huquqlari kengashini tark etishi kerak.

Liviya harbiylarini xalqaro miqyosda sud qilish lozim, deydi senator. Kerri xorij neft kompaniyalarini bu davlat bilan aloqani to’xtatishga undadi.

Senatorlar Jon Makkeyn va Jo Liberman Liviya uzra parvozni man qilish kerak, demoqda. Toki harbiylar aholini o’qqa tutishni bas qilsin.

Italiya Bosh vaziri, Qaddafiyning uzoq yillik hamkori Silvio Berluskoni qirg’inni to’xtatishga chaqirmoqda. Ikkisi telefon orqali gaplashib olgan.

Qaddafiyning da’vo qilishicha, aslida jinoiy guruhlar armiyaga hujum qilmoqda.

27 a’zolik Yevropa Ittifoqi Liviya bilan aloqani vaqtincha to’xtatgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel “zo’ravonlik to’xtamas ekan, sanksiyani qo’llab-quvvatlaymiz”, deydi.

Merkel Qaddafiyning g’azabga to’la kechagi nutqidan hayratda. “Liviya rahbari o’z xalqiga qarshi urush e’lon qildi”, - deydi Germaniya kansleri.

Peru Liviya bilan aloqani uzishga qaror qildi.

Liviya qonga botar ekan, xorij davlatlari o’z fuqarolari bu yurtdan olib chiqmoqda. Janubiy Osiyo davlatlari fuqarolari, mehnat muhojirlari ham Liviyadan bosh olib ketayapti.