Britaniya o’z fuqarolarini Liviya poytaxtidan evakuatsiya qildi. Tripolida janglar davom etmoqda. Bu davlat Adliya vaziri Saloh al-Marg’oniy zo’ravonliklarni tugatishga chaqirdi va xalqqa murojaat qilib, jamiyatda birdamlik va totuvlik o’rnataylik, dedi.
“O’tish davri hukumati tezkor rejani ilgari surmoqda. Undan maqsad xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha choralarni ko’rishdir. Natijada Liviyada barqarolik qayta tiklanishi kerak,” – dedi Adliya vaziri Saloh al-Marg’oniy.
BMT yangi parlamentning ishga tushganini olqishladi. Deputatlar - xalqning haqiqiy vakillari, ular liviyaliklar irodasini aks ettirgan holda mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligini ta’minlashi kerak, dedi BMT vakillari.
Ammo isyonchilar faoliyati tufayli Tripoli va Bing’ozidagi vaziyat shu qadar qaltiski, deputatlar parlamentning birinchi yig’inini Tobruk shahrida o’tkazishga majbur bo’ldi.
Isyonchilar, harbiylar va ayirmachi kuchlar orasida so’nggi haftalarda jadallashgan kurash oqibatida yuzlab odamlar halok bo’ldi. Xorijiy hukumatlar o’z fuqarolarini mamlakatdan olib chiqishga majbur bo’lmoqda.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Vashington Liviya hukumati bilan birga ishlashga tayyorligini bildirdi. Ammo “Liviya muammolarini faqat liviyaliklarning o’zi ha qila oladi”, deb aytdi Kerri.
Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan tahlilchi Muhammad Elmenshaviy fikricha, Liviyani birlashtirish qiyin.
"Mintaqada isyonchilar ko’p. Har bir shaharni o’z mafkurasi va manfaatlariga ega guruh nazorat qilmoqda. Hokimiyatning bunday bo’lingani vaziyatni qiyinlashtiradi”,- deydi mutaxassis.
Paramentga qayta saylana olmagan islomiy guruh dushanba kungi yig’inni boykot qildi.
Liviya markaziy hukumati mamlakatning neft va gaz sektorini isyonchilardan himoya qilishga ojiz. Neft va gaz konlari isyonchilar qo’liga o’tgan. Ular bu zaxiralarni o’zi eksport qilolmasa-da, iqtisodiy va siyosiy maqsadda foydalanmoqda.
4-avgust kuni Tripolida shahar aeroporti o’qqa tutilganida sakkizta neft konteyneri yonib ketdi. Aeroportga hujum oqibatida 22 odam halok bo’lgan.
So’nggi ikki hafta ichida Tripoli va Bing’ozidagi isyonchilar guruhlari orasidagi janglar 200 dan ziyod odam hayotiga zomin bo’ldi.
“Stratfor” geosiyosiy tahlil markazidan Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Maykl Nayebi-Oskui deydiki, Liviyadagi mojaro asosida etnik, qabilaviy, mafkuraviy va mahalliy sabablar bo’lsa-da, xavfsizlikning ta’minlanmagani oqibatida bu yerdagi kurashga al-Qoidaga aloqador guruhlar kelib qo’shilishi mumkin.
“Liviya davlatining, xususan markaziy hukumatning zaifligi mamlakatning ulkan hududida turli mintaqaviy jangari guruhlar, shu jumladan al-Qoidaga aloqador jihodchilar uchun mashqlar o’tkazish va odamlarni o’z saflariga qo’shish imkonini yaratdi,” – deydi u.
Elmenshaviy esa rasmiy Qohira jangari islomiy guruhlar faoliyati qo’shni Misrga ham yoyilishi ehtimolidan xavotirda.
Ammo 2011-yida Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag’darilganidan keyin boshlanib ketgan zo’ravonliklarni to’xtatish borasida xalqaro hamjamiyatning choralari cheklangan, deydi u.
“Xalqaro kuchlar yoki xalqaro hamjamiyat minimal rolga ega. Ularning qo’lidan hech narsa kelmaydi. Vaziyat juda murakkab, uni boshqarib ham bo’lmaydi, yaqin orada hal qilish ham qiyin,” – deydi tahlilchi.
AQSh amerikaliklarga mamlakatdan chiqib ketishni tavsiya qildi. Minglab filippinlik ishchilarga ham shunday tavsiya berildi. Minglab pokistonlik va misrliklar ham chegarani tezda kesib o’tishga shoshilmoqda.