Liviya poytaxti Tripolida NATO havo hujumi oqibatida bino qulagan. Alyans hukumat yig’inlari o’tadigan Bob al-Aziziya majmuini nishonga olgani ma’lum.
Rasmiylarning aytishicha, hujum 45 kishini hayotdan olib ketgan
Bir necha odamning daragi yo’q.
Hukumatga qarshi isyon qilayotgan muxolifat nazorati ostidagi Misratada ham shiddatli janglar ketmoqda. Kecha armiya shaharni ayovsiz bombardimon qilgan.
Holbuki, rasmiylar “hududda otishmani to’xtatdik”, deydi. Xususan, Liviya Tashqi ishlar vaziri muovini Xolid Qayimning aytishicha, maqsad – isyonchilar bilan muzokaraga sharoit yaratish.
Isyonchilar esa armiyani chekinishga majbur qilganini aytadi.
Muxolifat Qaddafiy kuchlarini yolg’onda ayblaydi. “Armiya Misratani havodan urishda davom etmoqda. Shahar qamalda”, - deydi ular.
Misratada ikki oydan beri tinmayotgan olishuv yuzlab odamni hayotdan olib ketgan. Shanbadan beri kamida 32 fuqaro o’lgan.
Biroq davlatni 42 yil boshqargan Muammar Qaddafiy qayerda ekani hali ham noma’lum.
Asirga tushgan askarlar so’zlariga qaraganda, Qaddafiy armiyasi safida tushkunlik hissi hukmron, zobitlar qocha boshlagan. Hukumat askarlarni al-Qoida bilan olishayapmiz, deya ishontirish harakatida.
Xalqaro Migratsiya tashkiloti madadi bilan kecha qariyb ming nafar fuqaro Misratadan Bing’oziga yetkazilgan. Asosan, muhojir ishchilar, yaradorlar haqida gap ketmoqda.
Sharqda hukmron muxolifat neft eksportini bir oyga kechiktirishga majbur, chunki hukumat hujumlari oqibatida vayron bo’lgan zavod va quvurlar ta’mirga muhtoj.
Muxolifat boshqaruv kengashini tan olgan Quvayt qamaldagi aholiga atab 180 million dollar yordam ajratgan.
AQShdagi ayrim senatorlar nazarida Qaddafiyga qarshi bosimni oshirish kerak. Xususan, yaqinda Bing’ozida bo’lib qaytgan respublikachi qonunchi Jon Makkeyn Amerika harbiy kampaniyaga bosh qosh bo’lishi kerak, deb hisoblaydi.