Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya Ukraina ustidan g’alaba qozonmasligi uchun fransuz qo’shinlarining Ukrainaga yuborilishini istisno qilmasligini aytdi. Biroq, dedi Makron, bu masalada Yevropa ittifoqchilari orasida hozirda yakdillik yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
"Biz xavfsizlikka ehtiyoj borligini istisno qilmasligimiz kerak, bu esa qo’shin joylashtirishning ayrim elementlariga asos bo’ladi. O’z maqsadlarimizga erishish uchun hech narsani hisobdan chiqarmaslik kerak”, - dedi Fransiya rahbari.
Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitsoning aytishicha, NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo ayrim davlatlar ikki tomonlama kelishuv asosida Ukrainaga qo’shin yuborish ustida o’ylanmoqda.
Oq uy AQShda bunday reja yo’qligini bildirmoqda.
Parijda o’tgan majlisda Yevropaning 20 ga yaqin mamlakati va AQSh vakillari qatnashib, Ukrainaga o’q-dori kamomadini hal qilish yo’llari xususida gaplashdi, Chexiyaning o’q-dorini uchinchi mamlakatlardan sotib olish taklifini qo’llab-quvvatlashdi.
NATOga rahbar bo’lishga umid qilayotgan Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte buning uchun 100 million yevro ajratishga tayyor ekanini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Makronning Ukrainaga qo’shin yuborish haqidagi gaplarini izohlab, bu Rossiya va NATO o’rtasida bevosita mojaroga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
"NATO davlatlaridan Ukrainaga qo’shin yuborish ehtimolining muhokama qilinayotgani juda muhim yangi holatdir. Shunday bo’lgan taqdirda, to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuv ehtimoli emas, muqarrarligi haqida gapirish kerak”, - dedi Peskov.
Germaniya Kansleri Olaf Shols Makron g’oyasiga qarshi chiqdi.
"Masalani oramizda obdon muhokama qilib, eng boshidan kelishilganidek, Ukrainaga Yevropa mamlakatlaridan yoki NATOdan qo’shin yuborilmasligini aytmoqchiman”, - dedi Shols.
Sholsni bu masalada uning o’rinbosari Robert Xabek va Mudofaa vaziri Boris Pistorius qo’llab-quvvatladi.
Ukrainaga uzluksiz yordam AQSh harbiy salohiyatiga ta’sir qilishi mumkinmi?
Oq uy Kongressning Vakillar palatasidan Ukraina uchun moliyaviy yordamni o’z ichiga olgan qonun loyihasini tezroq ovozga qo’yishni va ma’qullashni so’ramoqda.
AQSh Ukrainaga qurol va o’q-dori bera olmayotgan bir paytda amerikalik harbiylar ukrainalik askarlar tayyorgarligi bilan shug’ullanmoqda. Biroq bu AQSh qurolli kuchlarini boshqa jabhalarda faoliyat yuritishi uchun moliyadan ayirishi, masalan, AQShning Yevropa va Afrikadagi missiyalari pulsiz qolishi mumkin. Amerikaning NATO ittifoqchilari bilan yozga rejalangan amaliyotlari va mashg’ulotlari ham zarar ko’rishi aytilmoqda.
“Qo’shimcha moliyasiz biz, albatta, zaifmiz. Zamonaviylashishga ojizmiz. Dasturlarimizni o’zgartira olmaymiz. Bir qo’l bilan jang qilayotgandekmiz”, - deydi Pentagon matbuot kotibining o’rinbosari Sabrina Singx.
AQShdagi ayrim tahlilchilar Ukrainaga yordamni AQSh xavfsizligiga bog’laydi.
“Ukrainaga bugun qurol bersak, ertaga amerikaliklar o’z jonini berishi shart bo’lmaydi”, - deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Bred Bauman.
Pentagon besh oydan beri to’liq byudjetsiz faoliyat yuritmoqda, Ukrainaga harbiy yordam so’nggi bor dekabr oxirida jo’natilgan.