Malayziyada uch o'zbekistonlik o'limga hukm qilingan

  • Amerika Ovozi

Kristal shaklidagi metamfetamin, ruhiyatga kuchli ta'sir qiluvchi, kristal shaklidagi narkotik

Malayziyaning Shoh Olam hududiy sudi O'zbekistonning uch fuqarosini, xususan bir nafaqaxo'r va ikki ishsiz odamni qoradori savdosida aybdor deb topib, oliy jazoga, dorga osishga hukm qildi. Ular apellyatsiya tartibida yuqori sudga murojaat qiladimi, bu hozircha noma'lum.

Bu shaxslar uch yil oldin Kulala-Lumpur xalqaro aeroportida 10 kilogram metamfetamin, ya'ni ruhiyatga kuchli ta'sir qiluvchi, kristal shaklidagi narkotik bilan ushlangan, deya xabar beradi Malayziya rasmiy axborot agentligi "Bernama".

54 yoshli Dilbar Nazarova, 39 yoshli Jasur Jo'raqulov va 58 yoshli Sayyora Nurmuhammedova haqida gap ketmoqda.

Uchala o'zbekistonlikka 2010-yilning 7-sentabrida jinoiy ayblar qo'yilgan.

Sudning bayon qilishicha, ayb isbotlangan va ayblanuvchilar uni qanchalik inkor etmasin, jinoyat sodir etilganiga shubha yo'q.

Sudlanuvchilarning iddaosi shuki, ular bu moddani Malayziyaga olib kirish og'ir jinoyat ekanini bilmagan. Sud bunga ishonmagan.

Sudlanuvchilar metamfetamin moddasi ularga Toshkentda begona odam tomonidan berilganini, Malayziyaga aslida biznes uchun, DVD va kompyuter uchun zarur texnika sotib olishga kelganini aytgan.

Prokuror o'rinbosari Zaynal Azvar Qamariddin sudda gapirganida, qoradori olib o'tish va uning savdosi Malayziyada bag'oyat jiddiy jinoyat ekanini uqtirib, qonuniy asoslarni keltirgan.