ISROIL-FALASTIN
Kecha Vashingtonda Yaqin Sharq To'rtligi guruhi majlis qilib, Isroil-Falastin tinchlik jarayonini jonlantirish haqida fikr almashgan, ammo AQSh rasmiylariga ko'ra uchrashuv natija bermagan. Guruhga Amerika, Rossiya, BMT va Yevropa Ittifoqi kiradi.
Muloqotdan so'ng bayonot qabul qilinmagan. Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga qarashlarda farq borligi ko'rindi, deydi AQSh rasmiylari.
Guruh Isroil va Falastinni sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidan oldin muzokaralarga qaytarmoqchi. Jarayon olg'a siljimayotganidan norozi Falastin rahbariyati kuzda Bosh Assambleyadan hudud mustaqilligini tan olishni so'rashini aytib keladi. Arablar yangi davlat 1967-yil urushidan oldingi chegaralar asosida bo'lsin demoqda. Isroil bu tashabbusga qarshi.
MISR
Misr Bosh vaziri Essam Sharaf Vazirlar Mahkamasini yangilab, namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan politsiyachilarni ishdan olishini hamda viloyatlarda hokimlarni o'zgartirishini aytgan.
Islohotlarning sekinligidan, yuzlab odamlarni o'ldirgan politsiyachilarga qarshi jinoiy ish qo'zg'atilmaganidan, sobiq prezident Husni Muborak ustidan sud jarayoni to'xtab qolganidan norozi omma mana bir necha kundirki, qator shaharlarda namoyish qilmoqda.
Bosh vazir ularning talabini qondirishini aytadi, ammo ayrim rasmiylar islohotlarga qarshi. Ichki ishlar vaziri Mansur al-Issaviy Essam Sharafning 400 politsiyachini ishdan olish haqidagi buyrug'ini inkor etgan.
LIVIYA
Prezident Barak Obama Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan telefon orqali so'zlashib, Rossiyaning Liviya borasidagi vositachilik harakatlarini qo'llab-quvvatlaymiz, degan. Agar bu tashabbus Muammar Qaddafiyning hokimiyatdan ketishiga va mamlakatda demokratik jarayonlarga yetaklasa, deydi Obama.
So'nggi paytda Rossiya vakillari Liviyaga bir necha bor safar qilib, rasmiylar va muxolifat bilan muloqot qilgan. BMT Xavfsizlik Kengashida Liviya harbiy inshootlariga qarshi havo hujumlari masalasi ko'rilganida Rossiya betaraf bo'lgan, NATO kampaniyasini tanqid qilgan edi.
Fransiya esa Liviyaga nisbatan siyosati o'zgaranini inkor etmoqda. Rasmiy Parijning Qaddafiy bilan bevosita muloqoti shunday talqin qilingan edi, ammo Tashqi ishlar vazirligi vakili Bernar Valeroning aytishicha, muzokara muxolifat roziligi bilan kechmoqda.