Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari to’xtab qolgan bir paytda Yaqin Sharqda zo’ravonliklar kuchaymoqda.
Yahudiy davlat havo hujumlaridan G'azo sektorida kamida 85 arab halok bo'lgan. HAMAS raketa otishda davom etmoqda, o'lganlar yo'q. Bir necha kishi jarohatlangan xolos.
Ikki tomon rahbarlari bir necha kun oldin uch yahudiy va bir arab o’smirning o’ldirilganini qoralab, aybdorlar jazoga tortilishini aytgan. Biroq ixtilofning keti ko’rinmaydiganga o’xshaydi. Isroil G’azo sektori bilan chegaraga zaxiradagi 40 ming askarni safarbar qilmoqchi. HAMAS yetakchilari qarshilik ko’rsatishini aytmoqda.
Isroilga ko'ra, G’azodan kelayotgan snaryad hujumlariga chek qo’yish uchun havodan zarba berilmoqda va hududga qo’shinlar kiritilishi mumkin.
"Shahar va qishloqlarimizga yog’ilayotgan raketalarga toqat qilib turmaymiz. HAMAS va G’azo Sektoridagi boshqa terror tashkilotlariga qarshi amaliyotni kengaytirishni buyurdim. Tinchlikka qaytishga qaratilgan barcha harakatlarimiz zoye ketgach, javob berishga majbur bo’ldik, HAMAS to’qnashuv yo’lini tanladi", - deydi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.
Falastinliklar o’z navbatida Isroilni bosqinda ayblamoqda. Hududni boshqarayotgan harakat "bo’sh kelmaymiz, kurashga tayyormiz", demoqda.
"Xalqimizni bu jinoyatlardan himoya qilishda davom etamiz. Bosqinchilarni xalqimizga qarshi jinoyatlarni to’xtatishga chaqiramiz", - deydi Sami Abu Zuhriy.
Isroil-G’azo chegarasining har ikki tomonidagi aholi to’qnashuv katta urushga aylanib ketishi mumkinligidan xavotirda.
"Bir tomon qurol ko’tarsa, ikkinchisi javob beradi. O’rtada odamlar aziyat chekmoqda. Ayniqsa Ramazonda ro’zadorlarga qiyin. Odamlar qo’rquvda yashaydi, hayot to’xtab qolgandek. Urush boshlanganidan beri hech kim ko’chaga chiqmayapti, uyda o’tirib xabarlarga quloq tutishmoqda", - deydi g’azolik Abdul Nosir Sharob.
Isroil hukumati chegarada yashovchi aholisiga bombadan saqlanish uchun mo’ljallangan yerto’lalarga yaqinroq bo’lishni tavsiya qilmoqda.
"Tun o’ta notinch bo’ldi. Falastinliklar biz tomon tinmay raketa otdi. Ba’zilarni vahima bosdi", - deydi Illan ismli isroillik.
Qo’shma Shtatlar snaryad hujumlarini qoralab, otishmani bas qilishga chaqirdi. Ammo Vashington HAMAS guruhini terrorchi tashkilot deb e’lon qilgandan beri unga so’zi o’tmaydi.
Yaqin Sharq demokratiyasi loyihasi eksperti Stiv Makinernining aytishicha, AQShning Isroil bilan munosabati a’lo darajada, qarshi tomon bilan aloqa yo’q, ta’siri cheklangan.
"Shuning uchun sulhga kelishish Qo’shma Shtatlarning qo’lidan kelmaydi deb o’ylayman", - deydi tahlilchi.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Yaqin Sharqda tinchlikni o’rnatishga qattiq urinmoqda. O’tgan yil iyulidan joriy yil apreligacha Kerri mintaqaga tinmay qatnab, tomonlarni muloqotga chorlamoqchi bo’ldi. Bu borada ba’zi yutuqlar bo’lsa-da, Isroil va Falastin rahbarlari ayrim masalalarda kelisha olmayapti. Hozirgi ixtilof esa tinchlik jarayonini yana anchaga muzlatib qo’yishi mumkin.