Shavkat Mirziyoyevning jamoatchilik oldidagi chiqishlari ko'paydi

  • Amerika Ovozi

O'zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasi xalqaro tashkilotlarni prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun O'zbekistonga taklif qilishda davom etmoqda. Komissiya, jumladan, ShHT, MDH, YXHT kabi tashkilotlarga shunday taklif yuborgan. O`zbekistonning yangi prezidentiga 4-dekabr kuni ovoz beriladi. Prezidentlikka da'vogar partiyalar nomzodlari e`lon qilib bo`lindi, ammo saylovda jiddiy raqobat bo'lishi kutilmaydi.

Qonunchilikka ko`ra, prezidentlikka nomzod ko`rsatish uchun boshqa imkoniyat yo`q. Saylovdagi asosiy nomzod Shavkat Mirziyoyevga raqobat qiluvchilar u boshliq hukumatni qo`llab-quvvatlab kelayotgan siyosatchilardan iborat.

O`zbekistonda prezidentlik saylov kampaniyasi 8-sentabrdan boshlandi. Mamlakatdagi mavjud to`rtta rasmiy partiya o`z nomzodlarini e`lon qilgan, ayni paytda ular saylovda qatnashish, nomzodlarni rasman ro`yxatdan o`tkazishga doir hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga topshirmoqda. Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovlari ochiq, adolatli o`tishini bildirgan, bu jarayonni kuzatishga xalqaro tashkilotlar taklif qilingan.

O`zbekistondagi prezidentlik saylovlarini doimiy ravishda kuzatib kelayotgan YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi ayni paytda Varshavada inson huquqlariga oid vaziyat yuzasidan yig`ilish o`tkazmoqda. Yig`ilishda O`zbekistondagi vaziyat ham muhokamada, unda o`zbekistonlik huquq himoyachilari ham qatnashmoqda.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromov YXHTning inson huquqlariga oid yig`ilishida qatnashayotgani yo`q. Uning aytishicha, bunga sabab YXHTning ro`yxatdan o`tmagan inson huquqlari tashkilotlari bilan ishlamasligidir.

Surat Ikromov Shavkat Mirziyoyevni saylovlardagi so`zsiz g`olib deb hisoblaydi. Bu nafaqat uning ayni paytda muvaqqat prezident vazifasini bajarayotgani, balki raqiblik qilayotgan nomzodlarning ham Mirziyoyev g`alabasiga shubhalanmasligi bilan bog`liq.

“Partiyalardan ko`rsatilayotgan nomzodlarni hech kim tanimaydi, ularni saylovda rostdan qatnashayotganiga, raqibligiga ham hech kim ishonmaydi. Mirziyoyevning uzoq yillardan buyon hukumatda ishlab kelayotgani ko`pchilikka ma`lum. Xullas, saylov odatdagidek o`tadi, Mirziyoyev 80 foizdan oshiq ovoz bilan g`alaba qiladi”, - deydi Ikromov.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko`ra, muvaqqat prezidentdagi bu yaqqol ustunlik ham saylovning haqiqatda demokratik ruhda o`tishini kafolatlamaydi.

“Bunga qaramasdan, prezidentlik saylovlari ochiq o`tmaydi, bundan tashqari, saylovda hech qanday raqobat, musobaqa bo`lishi haqida ham gap bo`lishi mumkin emas, har holda hozircha shunday. Odamlarga kelsak, hozir hech kim saylovga qiziqish bildirayotgani yo`q, bu kuzatilmaydi ham. Faqat kutish bor, o`zgarishlar qaysi tomonga bo`ladi, ijobiymi, salbiymi”, - deydi Anvar Nazir.

Muvaqqat prezident, prezidentlik saylovlaridagi asosiy nomzod Shavkat Mirziyoyev 8-sentabrdan beri davlat rahbari lavozimini bajarib kelmoqda. Dastlabki kunlardanoq kadrlar sohasida jiddiy o`zgarishlar qilishga kirishdi. Jizzax va Toshkent viloyatlariga safar uyushtirdi. Angrenda bo`lgan Mirziyoyev Toshkent viloyatiga bir milliard dollarga yaqin sarmoya yotqizilishini e`lon qildi, poytaxtda esa ancha yillardan buyon qurilishi to`xtab qolgan Yunusoboddagi metro yo`nalishini yakunlashga ko`rsatma berdi.

Anvar Nazir hozircha Mirziyoyevning faoliyati, xususan, uning keyingi siyosati qanday bo`lishi haqida gapirishga erta ekanligini aytadi.

“Bu haqda hozir bir narsa deyish qiyin, asosiy faoliyat prezident bo`lganidan so`ng boshlanadi. Hozirgi harakatlar ko`proq saylov oldi jarayonlari, uchrashuvlari bilan bog`liq. Mamlakat siyosatidagi o`zgarishlar haqida esa faqat Mirziyoyevning g'alabasi, prezidentlikni boshlaganidan so`ng jiddiy gapirish mumkin. Hozircha hammasi saylov bilan bog`liq jarayonlar ”, - deydi u.

Surat Ikromov fikricha, Shavkat Mirziyoyevning viloyatlarda uchrasuvlar o`tkazgani, kadrlar masalasida jiddiy o`zgarishlar qilayotgani ijobiy taassurotlar uyg`otmoqda, ammo inson huquqlari bilan bog'liq masalada o`zgarish yo'q.

“Majburiy mehnat masalasi, aksincha, yanada yomonlashdi. Paxta terimiga borishdan bosh tortgan tadbirkorlar, fuqarolardan yig`ilayotgan mablag` miqdori oshgan, hamma majburan paxtaga safarbar qilinmoqda”, - deydi Ikromov.

Muvaqqat prezident va Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga prezidentlik saylovida “Adolat” partiyasidan Narimon Umarov, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov va “Milliy tiklanish” partiyasidan Sarvar Otamurodov raqiblik qilishi kutilyapti. Markaziy Saylov komissiyasi prezidentlikka nomzodlarni 30-sentabrdan rasman ro`yxatga olishni boshlaydi.