Muammar Qaddafiy - Liviya va umuman dunyo zamonaviy tarixida eng uzoq vaqt rahbarlikda o’tirgan insonlardan biri.
U 1969 yili harbiy to'ntarish natijasida hokimiyatga keladi. O'zini monarxiyani qulatgan inqilob yetakchisi va rahnamo deb biladi.
Qahri qattiq, ko'p jihatdan g'alati bir shaxs sifatida tanilgan. G'arbda uni "tentak Qaddafiy" deb atashadi. Lekin 69 yoshni qarshilayotgan bu lider aslida Gretsiya va Britaniyada tahsil olgan.
1969 yilning 1 sentyabri … 27 yoshli ofitser Muammar Qaddafiy qirol Idrisga qarshi qo’zg’olon ko’tarib, Liviya Arab Respublikasi tashkil topadi.
1970-yillarda Misr va Suriya bilan birlalikda Arab respublikalari federatsiyasini tuzishga harakat …
Butun 42 yillik boshqaruvi mobaynida Muammar Qaddafiy G’arb davlatlari siyosatini qoralab kelgan.
Liviya tashqi siyosatida keskin o’zgarishlarga guvoh bo’lganmiz, deydi tahlilchi Yan Lesser.
“Bir qarasangiz, arab-Isroil mojarosi birinchi o’rinda, bir qarasangiz Afrika. Liviya o’zini Yaqin Sharq, so’ngra Afrika davlati deb ta’riflagan paytlar bo’ldi, global o’yinchi deb …”
1980-yillarda Vashington-Tripoli orasida keskinlik oshgan. Berlinda amerikalik harbiylar qatnaydigan disko klub portlatiladi. Ikki davlat havo kuchlari Sidra bo’g’ozi ustida to’qnashadi. Sobiq prezident Ronald Reyganni Qaddafiyni “quturgan it” deb tasvirlar edi.
Berlindagi portlashga javoban AQSh Qaddafiy saroyini bombardimon qiladi. O’zi omon qolsada, uning bir qizi halok bo’ladi.
1988 yili Shotlandiyaning Lokerbi shahrida havo halokatida 270 odam o’lgan, aksariyati amerikaliklar.
Oradan bir necha yil o’tib, Liviya javobgarlikni bo’yniga oladi va o’lganlar oilasiga kompensatsiya to’laydi.
Liviya fuqarosi Abdulvosit al-Megrahiy qotillikda ayblanib, 27 yilga qamaladi. Kasalligi uchun o’tgan yili ozodlikka chiqib, vatanga qaytgach, Qaddafiy uni qahramondek kutib oladi.
Misr va Tunis - Liviya ahli uchun ilhom manbai. “Biz ham diktatordan to’yganmiz, u ketishi kerak”, deydi odamlar. Liviyaning xorijdagi diplomatlari ham shu fikrda.
Ali O’jaliy bu davlatning Amerikadagi elchisi.
“Avtoritar tuzumga ortiq xizmat qilmayman, ishdan bo’shadim. Lekin Liviya xalqiga xizmat qilishda davom etaman, toki ularning ovozini butun dunyo eshitsin. Qaddafiy iste’fo berishi kerak”, - deydi diplomat.
Muammar Qaddafiy hech qayoqqa ketmoqchi emas. “O’laman lekin ketmayman”, deydi.
Televizion chiqishida Liviya rahbari o’zining “Yashil Kitobi”dan parcha o’qib berdi. Birinchi bo’lim – “Demokratiya Muammosiga Yechim” deb ataladi. Asarni Liviya elchixonalaridan bepul olish mumkin.
Liviyalik huquq himoyachisi Ali Abuzakuk hozir Amerikada yashaydi. Vatandagi voqealarni yaqindan kuzatib turibdi.
“Bu uning so’nggi nidosi. Tarixdan, real hayotdan uzilib qolgan rahbarning boshqa so’zi yo’q”, - deydi faol.
Hukumat poytaxt atrofidagi hududlarni birma-bir boy beryapti. Ammo hokimiyat hozircha Qaddafiy qo’lida.