Misrni 30 yil davomida temir panja bilan boshqargan Husni Muborak 18 kunlik namoyishlar ketidan xalq talabini bajo keltirdi.
"Husni Muborak hokimiyatni qurolli kuchlar qo'liga topshirdi", - deydi vitse-prezident Umar Sulaymon.
Qohira va butun Misr bo'ylab tantanalar. Millionlab odamlar o'zgarishlar davri keldi deya quvonchga to'la, shu bilan birga xavotirlarini ham yashirmaydi.
O'tish davri nozik jarayon ekani, siyosiy beqarorlik vujudga kelishi mumkinligi, hokimiyat uchun kurash boshlanishi muqarrar ekani tilga olinadi.
25 yanvarda bosh ko'targan xalq Husni Muborak ketmaguncha tarqalmasligini, kerak bo'lsa, prezident saroyi va boshqa muhim ob'yektlarga bostirib kirishga tayyor ekanini aytayotgan edi.
Kechagi murojaatida Muborak "prezidentlikda qolaman" deb bayon qilgach, g'azabga to'lgan yuzlab ming odamlar bugun davlat idoralarini o'rab olgan.
http://www.youtube.com/embed/j4QDtzkgbdY
Avval Muborak Qohirani tark etib, Qizil dengiz bo'yidagi kurort shahar Sharm al-Shayxga yo'l olgani tasdiqlandi, keyin esa uning hokimiyatdan butkul ketgani.
Misr xalqi hokimiyatni ag'dara olmaydi, bu yerda inqilob bo'lishi mumkin emas, xaloyiq birdam harakat qila olmaydi deb o'ylaganlar bugun hayratda.
Misr ko'chalarida odamlar shodlikda hayqirar ekan, siyosiy faollar, muxolifat yetakchilari va arboblar kelajak yorug' bo'ladi deya ishonch bildirmoqda.
Muhammad al-Barodiy, BMT Atom agentligi sobiq rahbari, Misrda namoyishlarga yetakchilik qilgan shaxslardan biri fikricha, o'tish davridan qo'rqmaslik kerak.
"Yo'limizni topamiz. Eng muhimi diktatordan qutuldik. Erkinlik nima ekanini bilamiz va uni qadrlaymiz", - deydi al-Barodiy.
Namoyishlar tinch o'tgani, fuqarolar o'z haqlarini qonunni buzmagan holda talab qilgani, deydi al-Barodiy, "bugun yangi Misrda yashayotganimizdan dalolat".