Tennessi (Tennessee) shtatidagi Murfrisboro (Murfreesboro) tarixiy shahar bo'lib, Amerika fuqarolik urushi davrida jang maydoni bo'lgan. Shahar aholisi o'zini vatanparvar deb biladi. Bu yerda asosan nasroniylar yashaydi. Tarixiy sud binosiga kirishda esa Injilni ko'rish mumkin.
Ko'chaning u chetida yangi masjidni qurish rejasiga doir sud majlisi o'tmoqda. Syuzen Koyner shuncha yashab islom haqida bilmagan ekanman, deydi.
"11-sentabr voqealaridan so'ng islom haqida imkon qadar ko'proq o'rganishga harakat qildim. Bu dinni pesh qilib, qo'lini begunoh insonlar qoniga belagan adovatga to'la odamlarni bunga nima majburlaganini bilmoqchi bo'ldim", - deydi u.
Koyner sudda qurilish rejasiga qarshi tomonni qo'llab-quvvatlamoqda.
So'nggi yillarda Murfrisboroda musulmonlar soni ko'payib, shahar chetida islomiy markaz qurishga ehtiyoj tug'ildi. Ammo mahalliy aholi bunga qarshi va sud orqali loyihani bekor qildirmoqchi.
Ularning yuristlariga ko'ra, musulmon jamoasi yetakchilarining xorijdagi islomiy radikallarga aloqasi bor.
"Bunday masjiddan kelajakda jihodchilar chiqishi mumkin", - deydi loyihaga qarshilardan biri.
Imom Osama Bahlul bu safsata, deydi.
"Murfrisborolik musulmonlar bu yerda markaz quramiz, deb anchadan beri orzu qiladi. Unda ibodat uchun masjid bo'ladi, qizlar uchun basseyn va yana bir qancha boshqa xonalari bo'ladi", - deydi u.
Shahar merligi loyihani tasdiqlagan. Ammo Nyu-Yorkda terror xurujlari yuz bergan joy yaqinida islomiy markaz qurilishi norozilikka uchragach, Murfrisboroda ham qarshilik kuchaydi. Qurilish joyini buzg'unchilar titib, o't qo'yishdi.
Aksariyat mahalliy musulmonlar Murfrisboroda hayot tinchroq deb u yerga ko'chganini aytadi.
Kevin Fisher, sudga masjid qurilishiga qarshi ariza berganlardan.
"Jamoamiz juda ham ahil va tinch. Ammo bu reja amalga oshsa, bu o'zgarishi mumkin. Masalan, Michigan shtatining Dieborn shahriga qarab shahrimiz ham shunday bo'lib qolishini istamaymiz".
Dieborn Amerikada arablar eng ko'p yashaydigan joy. Ammo hamma ham Kevin Fisherga qo'shilmaydi. Murfrisborodagi bir protestant cherkovi mahalliy musulmonlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida maxsus tadbir uyushtirdi.
Lyusinda Nelson shu cherkovda ishlaydi.
"Odamlar Murfrisborodek barakali shaharda o'z e'tiqodiga ochiq sig'ina olmasligi uyat", - deydi u.
Mahalliy musulmonlar yillar davomida va, hattoki, 11-sentabr voqealaridan so'ng ham shaharda tinch hayot kechirganini aytadi.
Lyusinda Nelson deydiki, islom markazini qurish bo'yicha munozaradan oldin shaharliklar ularning orasida musulmonlar ham yashaganini payqamagan. Rejaga qarshilar aholining ayrim mazvularda bilimsizligidan foydalanmoqda, deydi u.
"Ular atrofga qarab dunyo o'zgarayotganini, tashqi ko'rinishi ularga o'xshamagan odamning prezident bo'lganini qabul qila olmayapti. Bu o'zgarishlar turmush tarzi va dinni yuvib ketishidan qo'rqishyapti", - deydi u.
11-sentabr voqealaridan so'ng ayrim amerikaliklar islom dinini tahdid deb, unga qarshi sudda kurashish kerak degan maqsad bilan yashaydi. Ammo boshqalar nazarida barcha din vakillari o'zgarishlar shabadasidan qo'rqmasdan, e'tiqod erkinligiga intilishi lozim.