Misr parlamentida ko’p o’rinlarni qo’lga kiritgan “Musulmon birodarlar” partiyasi endi prezidentlik uchun ham o’z nomzodini ilgari suryapti. Diniy-siyosiy harakat bu poygada qatnashmaslikka va’da bergan edi. Partiya siyosatidagi taktik o’zgarish bahslarga sabab bo’lmoqda.
Misrning dunyoviy, nasoro va hatto islomiy guruhlari ham bu yangilikni keskin norozilik bilan kutib oldi.
Parlamentning har ikki palatasida “Musulmon birodarlar” vakillari ko’pchilikni tashkil etadi. Ijro hokimiyatining ham ular qo’liga o’tishi, ayrimlar nazarida, mamlakatda bir guruh yakka hukmronligini o’rnatib, eski avtoritar tizimning yangi nom bilan qaytishini anglatadi.
Qohiradagi Amerika universitetida jamiyatshunos Said Sodiqning aytishicha, partiyaning prezident saylovlarida qatnashmaslik haqida bergan va’dasidan qaytishi ajablanarli hol emas.
“Har qanday totalitar, g’oyaviy harakatlar kabi “Musulmon birodarlar”ning ham o’z maqsad va taktikalari bor. Ular sharoitga qarab o’zgaradi”, - deydi Sodiq.
Partiya konstitutsiya borasida aytgan so’zining ham ustidan chiqmadi. Qonun matnini yozuvchi komissiya tarkibiga jamiki guruhlar vakillari jalb qilinishi kerak edi, amalda esa u asosan diniy peshvolardan iborat.
Strategik tadqiqotlar bo’yicha al-Ahram markazi olimi Yusriy al-Ezbaviyning aytishicha, islomchilar o’zlari istagan konstitutsiyani osonlikcha o’tkazib olishlari mumkin.
“Islom hamma narsa uchun yechim” shiori bilan chiqsalar, musulmon aholining aksariyati ularni qo’llab-quvvatlashi tabiiy, deydi al-Ezbaviy.
Jamiyatshunos Said Sodiq fikricha, birodarchilarning prezidentlik uchun nomzodi Xayrat al-Shatir saylovlarda g’alaba qozonishi dargumon.
“U islomiy guruhlar oladigan ovozlarni parchalashga xizmat qiladi, xolos”, - deydi u.
“Musulmon birodarlar”dan zamonasoz islomchilarning ajralib chiqqani guruh birligiga putur yetkazdi. Sobiq a’zosi Abdul Mun’im Abu al-Fotih hozir prezidentlikka nomzodlardan biri.
Partiya ichida ham yosh va keksa avlod o’rtasida ixtilof mavjud. Salafiylar bilan ziddiyatlar tobora keskinlashib bormoqda. Islomiy partiyalar birlashgan taqdirda ham, harbiylar Misr siyosiy hayotida o’z ta’sir kuchini osonlikcha boy bermaydi.
Hozirgacha mamlakatda prezident lavozimiga 400 da’vogar ro’yxatdan o’tgan.
Xayrat al-Shatir ziddiyatli shaxs ekani aytiladi. Sobiq rejim davrida qamoqqa tashlangan bu odam ayni paytda mamlakatning eng muvaqqiyatli tadbirkorlaridan.
Said Sodiqqa ko’ra, so’nggi bir yil ichida misrlik saylovchilarning siyosiy bilimlari oshgan. Kim kimligini yaxshi bilishadi.
“Oddiy odamlarni ergashtirish uchun ilgari “Islom hamma narcha uchun yechim” degan shiorning o’zi kifoya edi. Hamma o’zining doimiy muammolariga yechim topishni istaydi: inflyatsiya, ishsizlik, hokazo. Shuning uchun korrupsiyaga botgan eski siyosatchilardan voz kechib, xudojo’y odamlar deb dindorlarga ergashishdi. Hozir esa ular xomxayolga berilganlarini, balandparvoz va’dalar bergan odamlar ideal emasligini tushunib yetishyapti”, - deydi Sodiq.
Mamlakat matbuotida dindor siyosatchilarning kirdikorlarini fosh etuvchi xabarlar uchrab turadi. Yaqinda salafiylarning parlamentdagi bir vakili kosmetik jarrohlik amaliyotida bo’lganini yashirgani fosh bo’lgach, iste’foga chiqishga majbur bo’ldi.
Said Sodiq fikricha, Misr xalqi anglab yetayaptiki, siyosiy sahnasidagi turli-tuman guruhlar “oddiy siyosatchilar”. Ularning o’z maqsadlari, hisob-kitoblari bor va lozim bo’lsa, munofiqlik qilishga ham tayyor, deydi u.
Demokratiya kelajagi mavhum qolayotgan bo’lsa ham, yaqin istiqbolda faqat bir guruh mamlakat nazoratini to’la qo’lga olishi dargumon.