Myanma musulmonlar bosim ostida ekanini inkor etmoqda

  • Amerika Ovozi

Hokimiyatdagi partiya yetakchisi Aung San Su Chiy musulmon aholi taqdiriga befarqmi?

Myanmada musulmon aholi azaldan bosim ostida lekin keyingi yillarda ularga nisbatan zulm va shafqatsizlik yanada oshgan. BMTning Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili Yangi Li sobiq Birmadagi vaziyat haqida shunday ma'lumot berdi.

Biroq hozirda boshqaruvda muhim rol o'ynayotgan Demokratik partiya lideri Ang San Su Chiy bu ayblovlarni asossiz deb hisoblaydi. Uzoq yillar davomida ona yurtida demokratik tuzum uchun kurashib, nihoyat bunga erishgan liderning bunday fikrlari xalqaro hamjamiyatda keskin tanqid bilan qabul qilinadi.

Gap Rakxayn viloyatida yashovchi o'nlab ming musulmon haqida ketmoqda. Aksariyati buddistlardan iborat Myanmada islom diniga e'tiqod qiluvchilarga toqat past va nafrat kuchli. Ayrim tahlilchilar deydiki, sabab dinda emas, iqtisodiy imkoniyatlar uchun raqobatda. Qashshoq jamiyatda tirikchilik uchun kurashda har narsa bahona bo'la oladi.

Hindistonda yashayotgan myanmalik musulmonlar namoyishda

Rohinja musulmonlari deb tanilgan jamoa esa boshpanasiz qolmoqda. Myanma boshqaruvida muhim o'rin tutuvchi harbiylar bu qatlamga rahm qilmaydi.

Xalqaro hamjamiyat, xususan inson huquqlari tashkilotlari nazarida hukumat avvalo bu insonlarni boshpana bilan ta'minlashi va ularning hayotini himoya qilishi kerak. Rakxayn viloyatida qonli mojarolarning oldini olish uchun chora ko'rish lozim. Rohinja musulmonlari jamiyatning bir qismi sifatida ko'rilishi kerak.

BMT Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili Yangi Li

BMTning Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili Yangi Li qayd etishicha, musulmonlarga nisbatan jinoyatlar ataylab tekshirilmagan va boshqalar qilgan jinoyatlar musulmonlarga to'nkalgan holatlar juda ko'p.

Yaqinda Malayziya Bosh vaziri Najib Razoq Rohinja musulmonlari himoyasi yo'lida anjuman o'tkazib, ularga yordam berish yo'llarini muhokama qildi. Myanma hukumati bundan norozi. Malayziya Myanmaning ichki ishlariga bosh suqmoqda, deydi rasmiylar.

Indoneziya ham Rohinja musulmonlari taqdiridan xavotirda. Bu borada Myanma bilan diplomatik muloqot olib bormoqda.

Bu mamlakatlarni ASEAN, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi birlashtirib turadi. Rohinja musulmonlari masalasi mintaqaviy mavzu emas, deb kelayotgan Myanma rasmiylari tashkilot doirasida bu muammo keng muhokamada ekanidan g'azabda.

Ang San Su Chiy deydiki, Myanma hududidagi har qanday beqarorlik bilan bu davlat xavfsizlik tizimi shug'ullanadi. Tashqaridan bosim o'tkazish muammoni hal etmaydi, deydi u.

BMTga ko'ra, 66 ming musulmon Myanmadan qochib Bangladeshga o'tgan. 22 ming musulmon esa mamlakat ichida sarson sargardon. Ularga yordam cheklangan. Harbiylar qo'lida azoblangan, uy-joyi yoqib yuborilgan, tinimsiz nohaqliklardan to'ygan aholi nima qilishni bilmaydi, deya bayon qilmoqda "Human Rights Watch" huquq tashkiloti.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Myanma hukumatini va demokratiya tarafdorlarini musulmonlarga nisbatan adolatsizliklarga barham berishga chaqirmoqda.