"Ozodlik uyi" eksperti: Sayfullo Soipovga jazoni adliya tizimi belgilaydi

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro maydonda "o'zbek terrorchilar", "o'zbek jangarilar" degan atamalar paydo bo'lganiga 20 yildan oshdi. Nyu-Yorkda 31-oktabrda sakkiz kishini o'ldirgan kishining ishi ham terrorizm deb ko'rilmoqda va u o'zbek - 29 yoshli Sayfullo Soipov.

Neyt Shenken (Nate Schenkkan) Vashingtonda asoslangan "Ozodlik uyi" (Freedom House) yetakchi mutaxassisi. Inson huquqlari va demokratiya targ'iboti bilan mashg'ul bu tashkilot radikalizm va terrorizmga qarshi kurash yuzasidan ko'plab izlanishlar olib borgan.

Nyu-Yorkdagi terakt ketidan Shenken "Amerika Ovozi" savollariga javob berdi.

Xo'sh, bu ish nimasi bilan ajralib turadi?

"O'zbeklar terror hujumlari qilgan hollar avval ham bo'lgan - Shvetsiya, Turkiya, Rossiya... Bu ishda o'zbeklarga yoki Markaziy Osiyoga xos biror jihat bor deyish qiyin. "Islomiy davlat" va boshqa jihodchi guruhlar ta'limoti asosida qilinadigan xurujlarni boshqa elatlarning vakillari ham amalga oshiradi. Internetda, ijtimoiy tarmoqlarda terror tizimlari o'z usullarini, qatliomlarni qanday ijro etishni targ'ib qiladi, o'rgatadi".

Siyosatda qanday o'zgarishlar kutish mumkin? Toshkentda, Vashingtonda?

"Amerikadagi o'zbek jamoasi uchun qiyin bo'ladi, bu aniq. Politsiya va huquq-tartibot organlari ularga e'tiborni oshiradi, ularni tekshiradi. O'zbekistonliklar uchun viza olish qiyinlashadi. Prezident Tramp allaqachon bu borada gapirmoqda va agar O'zbekiston fuqarolariga qarshi keskin choralar ko'rsa, bu adolatsiz, nomutanosib siyosat bo'ladi degan bo'lar edim".

Soipov qanday qilib radikallashgan bo'lishi mumkinmi?

"Biz Sayfullo Soipov qanday qilib radikal insonga aylanib qolganini bilmaymiz. Tergov jarayonida ko'p narsa oydinlashadi. Hozir uni so'roq qilishadi, uning xatti-harakatlari, atrofidagi odamlar, muomala va hayoti haqida bila boshlaymiz. Bu inson qanday qilib shunday qabih ishga qo'l urdi - buni bilish hammamiz uchun muhim, lekin bu ma'lumotlarni qo'lga kiritishning o'zi ham nozik jarayon. O'zbeklar va boshqa markaziy osiyoliklar uchun ham buni bilish juda katta ahamiyatga ega. AQSh adliya tizimiga ishonamiz. Adolat qaror topadi degan umiddamiz. Prezident Tramp Sayfullo Soipovni Guantanamodagi qamoqxonaga yuboraman, dedi. Bu katta xato bo'ladi. Bizga ishonchli ma'lumotlar, ishonchli axborot kerak. Ayblanuvchini Guantanamoga yuborish bilan u [Tramp] bizni bu imkoniyatdan ayiradi. Bunday qilish xalqaro normalar, inson huquqlari bilan bog'liq qonunlarni buzish bilar barobar. Terror hujumidan odamlar qayg'uda, uni tushunish oson emas, odamlar g'azabda, qahrga to'la, lekin adolatni chetlab o'tolmaymiz. Jazoni unga adliya tizimi qonunga ko'ra belgilaydi".