NATO: Qaddafiydan keyin nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen, AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts, Britaniya Mudofaa vaziri Liam Foks

NATO davlatlari Muammar Qaddafiyga qarshi harbiy kampaniyaga sodiq qoladi. Alyans avtoritar rahbardan keyingi davr haqida o'ylanmoqda.

NATO mudofaa vazirlarining Bryusseldagi majlisida so'zlagan Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen nazarida Qaddafiy ketadimi emas, qachon ketadi deb savol berish kerak.

Harbiy blok havo hujumlari uchun har qanday yordamga tayyor ekanini bildiradi.

Seshanba kuni alyans samolyotlari Tripolini qattiq bombardimon qilgan. Bu hujum mart oyidan beri eng shiddatlisi deya ta’riflanmoqda.

Rasmussen Qaddafiy hokimiyatdan ketishi kerak deb keladi.

Liviyani 42 yildirki idora qilayotgan va oxirgi bor may oyida ko’rinish bergan Muammar Qaddafiy kurashni davom ettirish ahdida qat’iy. Seshanba kuni davlat televideniyesi orqali qilgan audio-murojaatida u Liviya taslim bo’lmaydi va so’nggi nafasigacha jang qiladi degan.

Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton payshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklariga borib, 22 davlat vakillari bilan Liviya masalasida gaplashadi.

Yig’ilishda Qaddafiyga qarshi olishayotgan muxolifatga yordam uzatish masalasi ko’rib chiqiladi. Xalqaro hamjamiyat o’tgan oygi uchrashuvda isyonchilarni yegulik, dori-darmon va qurol bilan ta’minlashga kelishib olgan edi.

Germaniya kansleri Angela Merkel va AQSh prezidenti Barak Obama nazarida Qaddafiy ketishi muqarrar. Obama Merkelni Oq Uyda qabul qilib, Yaqin Sharqdagi ahvol haqida muloqot qilgan.

“Harbiylar va rasmiylar Qaddafiydan yuz o’girmoqda. Ertami-kechmi, uning ishdan ketishi aniq”, -deydi ular.

“Qaddafiy ketgach, qilinadigan iqtisodiy va siyosiy ishlar ko’p bo’ladi. Ishonchim komil, yaqin hamkorimiz Germaniya bu borada madadini ayamaydi”, - deydi AQSh prezidenti.

NATOning Liviyadagi harakatlari tanqid ostida. Kansler Angela Merkel bu tabiiy deydi.

“NATO missiyasi nafaqat Liviya xalqi, balki biz uchun ham muhim. Uning muvaffaqiyatli kechishidan Germaniya ham manfaatdor”, - deydi Merkel.

Liviyada havo reydlari masalasi BMT muhokamasiga qo'yilganida Germaniya betaraf qolib, hujumlarda ishtirok etmaslikni ma'qul topgan edi.

Liviya hukumati so’zlovchisi Musa Ibrohim so’zlariga ko’ra, xalqaro koalitsiya poytaxt Tripolini 60 bor urib, 31 kishini o‘ldirgan.

Polkovnik Qaddafiyning qizi Oysha NATO ustidan sudga arz qilib, harbiy blokni urush jinoyatlarida ayblamoqda. Uning da’vo qilishicha, aprel oyida koalitsiya aholi turar joylarini bombardimon qilgan. Liviya rasmiylarining aytishicha, o’shanda Qaddafiyning o’g’illari va uch nevarasi o’lgan.