AQSh mudofaa vaziri NATOni hamkorlikni kuchaytirishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta, Bryussel, 5-oktabr, 2011

Bugun Bryusselda NATO ga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari majlis qilmoqda. Liviyadagi harbiy missiya, afg'on urushi, tashkilot byudjeti kun tartibidagi masalalardan.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panettaning aytishicha, NATO a'zolari faqat AQShga ishonmasdan, uning puliga tayanmasdan hamkorlikni kuchaytirishi zarur.

"Qo'shma Shtatlar tashkilot kamomadini yopishi mumkin degan fikr xato", - deydi Panetta.

Pentagonning o'zi moliyaviy qiyinchiliklar bilan yuzlashar ekan, kelasi 10 yilda xarajatlari 450 milliard dollarga qisqaradi. Panettaning aytishicha, NATO jahon xavfsizligi uchun kerak va Liviyada Muammar Qaddafiy tuzumiga qarshi operatsiya bunga yaqqol misol.

Alyans bosh kotibi Anders Fog Rasmussen NATO ning Liviyadagi missiyasini ulkan muvaffaqiyat deb atagan, ammo kuzatuv, razvedka ma'lumotlarini to'plash, samolyotlarga havoda yoqilg'i quyish bobida ayrim kamchiliklar ko'zga tashlanganini ta'kidlaydi.