NATOga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bugun Buxarestda ikkinchi kun majlis qildi. Ukrainaga harbiy va noharbiy ko’mak, alyansga a’zolikka nomzod va nomzodlikka da’vogar mamlakatlarga Rossiya tahdidiga qarshi turishda yordam berish muhokama etildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya havo hujumlarida Ukraina energetika infratuzilmasining 40 foizi ishdan chiqqan, qish kirib kelishi bilan aholi issiqlik, elektr quvvati, suv tanqisligi bilan yuzlashmoqda.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Prezident Vladimir Putinni qishdan Ukraina xalqiga qarshi qurol sifatida foydalanayotganlikda aybladi.
“Prezident Putin Ukrainada o’z maqsadlariga yeta olmayapti. Shu sabab gaz infratuzilmasi, elektr liniyalariga kuchliroq yovuzlik bilan hujum qilmoqda”, - dedi u.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba G’arbdan yordamni susaytirmaslikni so’radi.
"Transformatorlar va generatorlar bo’lsa, energetika tizimini tiklasa bo’ladi”, - dedi u.
Kuleba, shuningdek, NATO davlatlarini rus havo hujumlarini qaytarish uchun havo mudofaasi tizimini berishga chaqirdi. Kreml Ukrainada tinch aholini nishonga olayotganini inkor etarkan, energetika infratuzilmasiga hujumlar Ukraina harbiy salohiyatiga zarba berish uchun amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi.
Buxarestdagi majlisda qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar va NATO rus bosqiniga jim qarab turmaydi.
“Rossiya Qora dengizning bir qismini urush zonasiga aylantirdi. Ukraina shaharlari va qishloqlari tomon harbiy kemalardan raketalar uchirilayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Bu esa so’nggi yillarda eng yomon oziq-ovqat inqiroziga sabab bo’lyapti”, - dedi u.
Ukraina elektr tarmog’ini tiklash maqsadida seshanba kuni AQSh 53 million dollar ajratilishi haqida ma’lum qildi.
NATO majlisida alyansga kelajakda a’zo bo’lishga umid qilayotgan Moldova, Gruziya va Bosniya hamda a’zolikka nomzod Finlyandiya va Shvetsiya vazirlari ham qatnashgan.
Ayrim tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar a’zolik jarayoni tezlashtirilmasa, NATOga a’zo bo’lmagan qit’a davlatlari Rossiya va Xitoy ta’siriga tushib qolishi mumkin.
"Bolqonning g’arbiy qismida barqarorlik tinchlik uchun muhimdir. Rossiyaga u yerda faol bo’lishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Yevropaning katta qismini NATOga jalb qilish kerak”, - deydi Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani.
Bosniya vazirasi Bisera Turkovich Rossiya rejalaridan xavotirda ekanini bildirdi.
"Hukumatimizda Rossiyaga xayrixoh kuchlar bor, bor edi. Mamlakat qattiq bo’lingan”, - dedi u.
May oyida alyansga a’zo bo’lishga ariza bergan Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga qo’shilish haqidagi shartnomasini NATOning aksariyat a’zolari parlamentlari ratifikatsiya qilgan. Vengriya va Turkiya qonunchilari ham uni tasdiqlashi ketidan NATO safi va chegaralari kengayadi. Anqara buning uchun ma’lum shartlar qo’ygan, jumladan ekstremizm va terrorchilikda ayblanayotgan shaxslarni ekstraditsiya qilishni.
Bugun ikki nomzod-davlat vazirlari bilan ko’rishgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li Anqara talablarining bir qismi bajarilganini tan oldi, xususan Shvetsiya va Finlyandiya Turkiyaga qurol eksport qilishga qo’yilgan taqiqlarini olib tashlashdi.
"Biroq jinoyatchilarni ekstraditsiya qilishga, terrorchilar hisob raqamlarini muzlatishga, bu mamlakatlarda ularning faoliyatiga chek qo’yishga kelganda konkret qadamlarni ko’rmadik”, - dedi u.
Stoltenberg a’zolikka intilayotgan boshqa mamlakatlarni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi. Xususan Moldova, Gruziya va Bosniyani.
"Ukrainadagi urushdan olingan bir saboq shuki, mamlakatlarga yordam berish kerak. Rossiya ularga turli yo’llar bilan ta’sir qiladi. Hozir ularni qo’llamasak, keyin vaziyat izdan chiqishi mumkin. Buni Ukraina misolida ko’rdik”, - deydi alyans rahbari.
Stoltenberg, shuningdek, Rossiya yoqilg’isiga tobelikdan qutulishga harakat qilayotgan G’arb davlatlarini Xitoy tobeligiga tushib qolmaslikka chaqirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarovaning aytishicha, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo’shilganidan so’ng Arktika kengashining Rossiyadan boshqa barcha a’zolari NATO a’zosi ham bo’ladi va bu Arktika mintaqasini militarizatsiyalashtirish jarayonining tezlashiga, ziddiyatlarning kuchayishiga va xavfsizlikka tahdidlarning oshishiga olib keladi.
Yevropa Ittifoqi prezidenti Ursula fon der Leyen bergan ma’lumotga ko’ra, Rossiyaning Ukrainadagi ehtimoliy jinoyatlarini tergov qilish maqsadida Yevropa Ittifoqi BMT yordamida maxsus tribunal tashkil etmoqchi.
Ukraina xalqaro hamjamiyatni ko’pdan beri bunga da’vat etib keladi, Rossiyaning harbiy va siyosiy rahbariyatini javobgarlikka tortish zarurati haqida aytib keladi.
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud bu borada o’z tergovini boshlagan, biroq sud tashkil etish vakolatiga ega emas.
Fon der Leyen, shuningdek, Rossiyaning muzlatilgan pullarini o’zlashtirishga chaqirdi.
"Rossiya Markaziy bankiga qarashli 300 milliard yevro zaxira puli hamda rus oligarxlariga tegishli 19 milliard yevro muzlatilgan. Yevropa Ittifoqi ularni sarmoya qilishga, Ukrainani tiklashga ishlatishi mumkin”, - dedi rasmiy.
Kreml G’arbni pullarini o’g’irlaganlikda ayblaydi.