Madridda NATO sammiti hali boshlanmasidan Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga a’zo bo’lish uchun arizasiga qo’ygan vetosini olib tashladi. O’nlab yillar davomida betaraf bo’lgan bu ikki mamlakat uchun NATO a’zoligiga yo’l ochildi.
Your browser doesn’t support HTML5
NATO bosh kotibi, alyansga a’zo Sharqiy va Markaziy Yevropa davlatlari Anqara qarorini olqishladi va shu bugunoq tashkilot bu ikki mamlakatni o’z safiga rasman taklif etdi.
May oyida ariza bergan Finlyandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab betaraflikdan voz kechishga majbur bo’lganini aytishmoqda.
Turkiya bu mamlakatlarga kurd jangarilarini qo’llab-quvvatlashni bas qilish shartini qo’ygan edi. Madridda imzolangan memorandum Anqaraning talablari bajarilganidan dalolatdir.
Finlyandiya va Shvetsiya ichki qonunlariga o’zgartirish kiritib, Turkiya va Yevropa Ittifoqi terrorchi tashkilot deb bilgan Kurdiston ishchilar partiyasini taq’ib etishiga, Turkiya bilan ekstraditsiya haqida shartnoma imzolashiga to’g’ri keladi.
"Yon berishga majbur bo’lsak-da, zarur hujjatga qo’l qo’ydik”, - dedi Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinisto.
Kelishuvni AQSh Prezidenti Jo Bayden ham olqishladi.
“NATO birligini namoyish etdi. Rossiya agressiyasidan kelayotgan tahdidlarga qarshi turishga tayyormiz. Boshqa chora qolmadi bizga”, - dedi u.
Shvetsiya Bosh vazirasi Magdalena Andersonning aytishicha, uning mamlakati NATO soyaboni ostida o’zini xavfsizroq his qiladi. Turkiya bilan imzolangan memorandumda Shvetsiya kurd jangarilarini qurollantirmaslik majburiyatini o’z bo’yniga oldi. Andersonga ko’ra, Shvetsiya bungacha ham kurdlarga qurol uzatmagan edi.
Ekstraditsiya masalasiga kelganda Anderson Turkiya uzatgan ma’lumotga qarab hamda Shvetsiya va xalqaro qonunlar asosida, Ekstraditsiya haqidagi Yevropa konvensiyalari asosida harakat qilishini bildirdi.
Endi NATO qarorini a’zo mamlakatlar parlamentlari tasdiqlashi zarur.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an to’rt soatlik muzokaralardan so’ng seshanba oqshom roziligini bergani aytilmoqda.
Finlyandiya NATOga a’zo bo’lishi bilan alyansning Rossiya bilan chegarasi yanada kengayadi. Tashkilot bu ikki davlatga qo’shin va qurollarini kiritib, Rossiya uchun kattaroq tahdidga aylanishi mumkin.
Kreml alyans kengayishini va Ukrainaning unga a’zo bo’lish ehtimolini tahdid deb bilib, 24-fevral kuni qo’shni mamlakatga qo’shin kiritgan edi.
Rossiya - NATO uchun asosiy tahdid
30 mamlakat a’zoligidagi tashkilotga rahbarlik qilayotgan Yens Stoltenberg Rossiyani alyansga bevosita tahdid deb atadi.
“Bugun rahbarlar NATOning yangi strategik konsepsiyasini qabul qildi. Hujjat chop etildi. Hozirgisi 2010-yilda qabul qilingan edi. Yangi konsepsiyada Rossiya xavfsizligimizga eng katta va bevosita tahdid ekani tilga olingan. Eski hujjatda Rossiya strategik hamkor deb atalgan edi”, - dedi Stoltenberg.
Unga ko’ra, alyans Ukrainaga yordam berishda, qurol uzatishda davom etadi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATO sammiti ishtirokchilariga virtual murojaat qilib, qo’shimcha qurol va pul so’radi.
"Rossiya yolg’iz Ukrainaga qarshi urush qilayotgani yo’q. Rossiya bu urush bilan Yevropada o’z shartlarini, bo’lajak dunyo tartibi qanday bo’lishini belgilamoqchi. Shu sabab Ukrainaga ko’mak berishingiz o’ta muhimdir, chunki pul, qurol va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bilangina uning urushni moliyalash salohiyatiga barham berishimiz mumkin”, - dedi u.
Zelenskiy zamonaviy raketaga qarshi va havo mudofaasi tizimlari kerakligini ham aytdi.
NATO a’zo davlatdan biri hujumga uchragudek bo’lsa, uni tezkor himoya qilish uchun mo’ljallangan javob kuchlari sonini 40 mingdan 300 minggacha oshirish kutilmoqda.
Bayden Qo’shma Shtatlar Yevropadagi kuchlari va harbiy texnikasi sonini oshirishi haqida ma’lum qildi. Xususan Ispaniyada esminetslar soni to’rttadan oltitaga ko’paytiriladi, Britaniyaga ikkita qo’shimcha F-35 eskadrilyasi yuboriladi.
"NATO har tarafdan kelayotgan tahdidlarga javob berishga tayyor bo’lishini ta’minlaymiz”, - dedi Bayden.
Zelenskiyning BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaati
Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashi majlisi ishtirokchilariga ham murojaat qildi. U Rossiyani BMTdan haydab, uni terrorchi davlat deb e’lon qilishga, maxsus tribunal tuzib, Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakatlarini tergov qilishga chaqirdi.
Zelenskiy urushda nobud bo’lgan ukrainaliklarni xotirlash uchun kengashning 15 a’zosidan bir daqiqalik sukut saqlashni so’radi. Barcha diplomatlar, jumladan Rossiya vakillari o’rnidan turib Zelenskiy iltimosini bajo keltirdi.
Shundan so’ng Rossiyaning BMTdagi elchisi o’rinbosari Dmitriy Polyanskiy Zelenskiyni Xavfsizlik Kengashidagi chiqishidan piar uchun foydalanayotganlikda aybladi.
"BMT Xavfsizlik Kengashi Prezident Zelenskiyning NATO a’zolaridan ko’proq qurol olishda masofali piar kampaniyasini o’tkazish uchun platformaga aylanmasligi kerak”, - dedi u.
Lisichanskning 30 foizi ruslar qo'liga o'tdi
Bu o’rtada Rossiya va Ukraina qo’shinlari sharqdagi Lisichansk uchun jang qilmoqda. Rus armiyasi qo’shni Severodonetskni ishg’ol qilganidan so’ng Lisichansk Lugansk viloyatining ukrain askarlari nazoratidagi eng so’nggi hududi bo’lib qolmoqda.
Shaharning 30 foizi hozir ruslar qo’lida.
Rossiya Mudofaa vazirligi bugungi raketa hujumlarida janubdagi Nikolayev shahri yonida xorijiy yollanma jangarilar harbiy tayyorgarlikdan o’tayotgan baza nishonga olinganini ma’lum qildi. Ukraina tarafiga ko’ra, hujumda besh qavatli turar-joy zarar ko’rib, besh odam o’lgan.