Tahlil: Yangi Ipak Yo'li va Shimoliy Ta'minot Tizimi

Your browser doesn’t support HTML5

Yangi Ipak Yo'li/Shimoliy Ta'minot Tizimi/New Silk Road/NDN

SHIMOLIY TA'MINOT TIZIMI NIMA?

2009-yilning mart oyidan beri Afg’onistonga Markaziy Osiyo orqali no-harbiy yuk tashilmoqda. Bu yo’nalish Shimoliy Ta’minot Tizimi (Northern Distribution Network - NDN) deb ataladi.

Kelajakda uning o’rnida savdo yo’llari vujudga kelib, g’arbu-sharqni bir-biriga bog’lovchi Yangi Ipak Yo’lining ajralmas qismiga aylana oladimi? 2014-yilning oxirigacha Afg’onistondan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishga bel bog’lagan AQShda bu borada qizg’in bahslar ketmoqda.

Davlat departamenti nazarida, Yangi Ipak Yo’li - uzoq muddatni ko’zlovchi, barcha davlatlardan birdek g’ayrat va e’tibor talab qiluvchi tashabbus.

Hozirgi hamkorlikni o’rganib chiqqan mutaxassislar fikricha esa Vashington konkret loyihalar bilan chiqib, mablag’ va kuch-quvvat sarflamas ekan, Yangi Ipak Yo’li balandparvoz ibora bo’lib qolaveradi.

Davlat departamenti - Yangi Ipak Yo’li tashabbusini olg’a surayotgan vazirlik. Les Vigeri (Les Viguerie) u yerda Markaziy Osiyo idorasi direktori.

“Shimoliy Ta’minot Tizimi - Afg’onistonda jang qilayotgan xalqaro koalitsiyaga zarur mahsulot yetkazib beruvchi sistema. Yangi Ipak Yo’li esa mintaqaviy tijoratni mukammallashtirib, kengaytirishni maqsad qilgan tashabbus. Mintaqaviy integratsiyaga undovchi, uzoq muddatni ko’zlovchi g’oya. Uning amalga oshishi uchun barcha davlatlar birdek hissa qo’shishi kerak. Muddao – iqtisodiy rivojlanish, xususan tijorat, transport va infratuzilma taraqqiyoti”, - deydi Vigeri.

“Ayrimlar nazarida davlatma-davlat o’tadigan Shimoliy Ta’minot Tizimi Yangi Ipak Yo’li sari tashlangan konkret, effektiv qadam. Bu gapda jon bor. Amerika hukumati Yangi Ipak Yo’li ertagayoq paydo bo’ladi demayapti. Istiqbolda bunga erishish mumkin deyapmiz. Shu maqsadda harakat qilaylik deb hammani hamkorlikka chorlayapmiz”.

Les Vigeri deydiki, Afg’oniston yuzasidan ketayotgan hamkorlik Amerikani Markaziy Osiyo davlatlariga ancha yaqinlashtirdi. Mana shu yaqinlashuvdan kelib chiqqan holda yangi loyihalar ustida bosh qotirayapmiz, deydi u.

Vashington Yangi Ipak Yo’li (New Silk Road) nafaqat savdo tizimi balki madaniy zanjir bo’lishini istaydi.

"Tinchlik va taraqqiyot uchun xizmat qiladigan loyihalar jamlanmasi", - deydi Davlat departamenti rasmiysi.

AQSHGA MAHSULOT SOTIB KIM QANCHA DAROMAD QILMOQDA?

Mintaqa davlatlari AQShga o’z mahsulotlarini ham taklif qilib keladi. Xalqaro koalitsiya uchun zarur vositalarni uzoq yurtlardan emas, aynan Markaziy Osiyodan sotib olish arzon va oson emasmi?

Pentagonning javobi shuki, qo’shinlarni yuqori sifatda juda katta hajmda muttasil ta’minlab turadigan kompaniyalar kerak. Hozircha mintaqadan asosan qurilish materiallari, yonilg’i, ichimlik suvi va maishiy mahsulotlar xarid qilinmoqda.

O’tgan bir yilda Amerika bu maqsadda 1,3 milliard dollar sarflagan. Shundan 820 milliondan oshig’i yuk o’tmaydigan davlat bo’lmish Turkmanistonda; 218 millioni Qirg’iziston; 137 millioni Qozog’iston; 106 millionga yaqini O’zbekiston va atigi 12 millioni Tojikiston tovarlari uchun to’langan. Shimoliy Ta’minot Tizimini yurituvchi AQSh Mudofaa Logistika Agentligi bergan umumiy ma’lumotga ko’ra, sotib olinayotgan narsalar asosan xomashyo.

HARBIY TA'MINOT TIZIMI O'RNIDA TIJORIY YO'LLAR VUJUDGA KELADI DEYISHGA ASOS YO'Q

Masalani o'rganib chiqqan mutaxassis Grem Li (Graham Lee) deydiki:

"Amerika uzoq yillardan beri ishlayotgan qator loyihalarni uyg’unlashtirib, ularni Yangi Ipak Yo’li degan nom ostida birlashtirmoqchi. Bu bir g’oya, lekin bu proyektlar turli xalqaro tashkilotlar va hukumat tomonidan muayyan maqsadlarni ko’zlaydi, katta yo’llar, transport tizimlari va savdo. Aytmoqchimanki, AQSh targ’ib qilayotgan Yangi Ipak Yo’lini vujudga keltirish qattiq mehnat va iroda talab qiladi.”

Markaziy Osiyo, Afg’oniston, Pokiston, Hindiston va Xitoy uchun Ipak Yo’li yangi g’oya emas. Bu borada yillardan beri bong urib kelinadi. Har bir hukumat o’z strategiyasi va kelishuvlarga ega ekanini bildiradi.

Grem Li o’z tadqiqotida to’rt savolga javob izladi.

“O’tgan yillar ichida savdo osonlashdimi? Korrupsiya kamaydimi? Davlatlar bir-biri bilan kengroq va unumliroq aloqadami? Eng muhimi, xalq nima naf ko’rmoqda? Yig’ilgan ma’lumotlarga asoslanib, shunday xulosa qilish mumkinki, yo’q. Chegaralardan o’tish juda mushkul, yulg’ichlik darajasi o’sha-o’sha, mintaqaviy hamkorlik bobida real qadamlar tashlanmagan va oddiy xalq savdodan deyarli foyda ko’rmayapti”,- deydi tahlilchi.

“Shimoliy Ta’minot Tizimidan Markaziy Osiyo aholisi biror manfaat ko’rayapti deya olmaymiz. Tizimning maqsadi Afg’onistonga yuk tashish. Amerika yollagan xususiy kompaniyalar ularni tashimoqda, tamom. Tizim savdo yo’li emas”.

AMERIKA HUKUMATLARGA TRANZIT UCHUN XAQ TO'LAMAYDI

Yuk tashuvchi kompaniyaga har bir vagon uchun 17,500 dollar beriladi xolos. Demak, bizneslar hukumatlar bilan ishni hal qiladi.

“Yo’l va xizmatlar uchun olinayotgan pulni hisoblab chiqsak, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Markaziy Osiyo davlatlari ko’rayotgan foydaning taqriban 93 foizi hukumatlarning o’zida qolayapti, ya’ni oddiy odamlarga yetib bormayapti. Ayrim xususiy bizneslar uchun bu tizim yaxshigina daromad keltirgan”,- deydi Grem Li.

Les Vigeri (Les-Viguerie), Davlat departamenti rasmiysi

Mutaxassis mintaqada uzoq vaqt o’tkazib, strategik markazlarni ko’zdan kechirgan. Chegaradan o’tish nuqtalarini, bojxona faoliyati va transport tizimlarini tekshirgan.

“Men omma fikrini ham o’rgandim. Ko’pchilik bu tizim haqida bilmaydi, bilganlar esa uni harbiy-logistik sistema deb ko’radi. Afg’oniston tomon yo’nalish. Savdo yoki taraqqiyot uchun xizmat qiladigan loyiha emas”,- deydi Li.

Grem Li (Graham Lee), tahlilchi

“Izlanishlarim shuni ko’rsatdiki, Shimoliy Ta’minot Tizimi hukumatlarni bir-biri bilan yaxshiroq ishlashga majbur qilgani yo’q. Yuk yurtma-yurt o’tayapti xolos, davlatlar orasida yangi kelishuvlar yo’q. Rahbarlar bir davrada o’tirib, yangi savdo yo’llari haqida maslahatlashayotgani yo’q. Amerika mintaqaviy hamkorlik uchun hissa qo’shmoqchi bo’lsa, ularni birdamlikka, integratsiyaga undaydigan real loyihalar taklif qilishi kerak. Integratsiya yo’lida turgan to’siqlarga yaqindan nazar tashlash kerak, ularni tushunish kerak”.

VASHINGTONGA MASLAHAT

Grem Li Yangi Ipak Yo’li deb bong urayotgan Vashingtonga shunday tavsiyalar beradi:

“Avvalo Amerikaning o’zi harbiy va no-harbiy hamkorlik xususida ko’proq ma’lumot berishi, kelishuvlar, ajratilayotgan mablag’ va maqsadlarni ko’proq oshkor etishi kerak. Oshkoralik bir tomonlama bo’lmaydi. AQSh hamkor davlatlarni ham xalq bilan hisoblashishga undashi kerak. Vashington yana bir narsani ochiq tan olsin: Markaziy Osiyodek yakkahokimlik chuqur ildiz otgan mintaqada birdamlik va integratsiyaga erishish juda mushkul. Gapdan ishga o’ta olmaysiz, o’tsangiz ham foydani elita, juda tor bir doira ko’radi, fuqarolar emas. Avtoritar davlatlar bilan ishlayapsiz, o’zgarish qilish bunday tuzumlarda juda qiyin”.

Grem Li yana bir narsaga urg’u beradi. Qadim tarix va madaniyati bilan faxrlanadigan Markaziy Osiyoda kelajak haqida ochiq muhokama ketayotgani yo’q. Rahbarlar o’z siyosatini targ’ib qilish bilan band va uni savolga tutish, tanqid qilish xavfli. Bu jamiyatlarda omma fikri tinglanmaydi. Yangi Ipak Yo’li erkin bozor, savdo va madaniy almashinuv uchun zamin yaratadi deya umid qilayotgan Amerika bularni yoddan chiqarmasin, deydi olim.

Your browser doesn’t support HTML5

New Silk Road/NDN - Conversation with Graham Lee, analyst


Your browser doesn’t support HTML5

New Silk Road - NDN- Discussion-OSI-Washington 12-4-12