AQShda koronavirusga qarshi yangi vaksina ishlab chiqildi. Beylor tibbiyot kollejida yaratilgan ushbu vaksinaning asl koronavirusdan 90 foiz, “delta” shtammidan esa 80 foiz himoya ekani aytilmoqda. “Omikron”dan himoya darajasi o’rganilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Vaksina arzon bo’lib, uni oddiy sovutgichda saqlash mumkin, rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarish oson, deydi vaksinani yaratgan ilmiy guruh rahbari Piter Otes.
"Buni dunyo bo’ylab ishlatsa bo’ladi. Barcha talablarga javob beradi”, - deydi mutaxassis.
Jamoa tropik kasalliklardan emlanish uchun zarur vaksinani ishlab chiqarishda foydalaniladigan, sinovdan o’tgan eski texnologiyani ishga soldi. Kam va o’rta daromadli mamlakatlarda vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalar aynan shu texnologiyadan foydalanadi.
"Pandemiya boshida hamma diqqatini yangi texnologiyaga qaratganida xafa bo’lib ketgandim. Ko’plab boshqa mamlakatlarda bunday imkoniyat bo’lmasligini bilganman”, - deydi doktor Otes.
Boy davlatlar yangi texnologiyaga asoslangan vaksina ishlab chiqarishga sarmoya qildi. Hozir bu mamlakatlarda aholining salkam 80 foizi emlangan bo’lsa, kambag’al davlatlarda bu ko’rsatkich 10 foizga ham yetgani yo’q.
Otes va uning hamkasblari yangi vaksinaga patent qo’yayotgani yo’q. Unga ko’ra, global inqiroz paytida intellektual mulk huquqlari inqirozni hal qilish yo’lida g’ovdir.
"Uyingizni alanga olsa va sizda faqat bitta qo’ng’iroq uchun imkoniyat bo’lsa, patent bilan shug’ullanuvchi advokatga sim qoqmaysiz, o’t o’chiruvchilarga qo’ng’iroq qilasiz. Biz hozir o’t o’chiruvchimiz”, - deydi olim.
Hindiston hukumati yaqinda yangi vaksinaga ruxsat berdi. “Biological-E” deb nomlanuvchi hind kompaniyasi esa uni “Korbevaks” nomi bilan oyiga yuz millionlab doza ishlab chiqarishga kirishdi.
Indoneziya, Bangladesh, Bostvanada ham ushbu vaksinani ishlab chiqarish ko’zda tutilgan.
Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida vaksinalar bo’yicha mutaxassis Uilyam Mossning aytishicha, “Korbevaks” “omikron”dan qanchalik himoya qilishi hozircha ma’lum emas.
"Sinofarm”, “Sinovak” vaksinalari eskiroq texnologiyalar asosida ishlangan. “Omikron”ga qarshi yaxshi ish bermayapti. Samarasi ancha past”, - deydi u.
Mamlakatlarni turli vaksinalar bilan ta’minlash yo’lga qo’yilmoqda. BMTning “KOVAKS” dasturi orqali bir millilarddan oshiq doza tarqatildi. Yirik farmatsevtik kompaniyalar milliardlab doza va’da qilmoqda. Yangi vaksinalar ishlab chiqilmoqda.
Agar “Korbevaks” koronavirusning turli shtammlaridan yaxshi himoya bo’la olsa, nisbatan arzon bu vaksina kelajakda muhim rol o’ynashi mumkin.
"Endemiyaga o’tishimiz bilan muntazam ravishda emlanib turish kerak bo’ladi. Ana shunda bunday vaksinalar ancha qo’l keladi”, - deydi doktor Moss.