Nyu-York shahrida boshlangan xalqaro moda haftaligida O'zbekiston prezidentining to'ng'ich qizi Gulnora Karimova kolleksiyasi ko'rsatilmaydi.
International Management Group (IMG), 8-15-sentabrdagi tadbir tashkilotchisi bugun mana shunday qarorga kelgan.
O'zbekiston rahbarini diktator deb atab, respublikada inson huquqlari muntazam ravishda poymol etilishini qayd etib kelayotgan faollar mana shuni talab qilib, Nyu-Yorkda namoyishlar o'tkazayotgan edi.
Gulnora Karimovaning "Guli" deb atalgan to'plami 15-sentabrda namoyish etilishi rejalangan edi.
G'arb matbuotida zolim diktatorning erkatoy, manman va yulg'ich qizi degan mazmunda ko'plab maqolalar va sharhlar bosildi.
O'zbekistonda paxta bolalarga zo'rlab terdirilishi va bu ekspluatatsiya ekani bir necha yillardan beri keskin tanqid ostida. O'nlab yirik kompaniyalar va do'konlar, shuningdek to'qimachilik sanoati egalari O'zbekiston paxtasi va u ishlatilgan mahsulotlardan voz kechgan.
Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot Human Rights Watch Islom Karimov va uning hukumatini qabih siyosatda ayblab keladi.
Respublikada bolalarning majburan ishlatilishi, muxolifat a'zolarining aybsiz panjara ortiga tashlanishi, qiynoqqa solinishi va jurnalistlarga nisbatan tinimsiz tazyiqlar bugun hech kimga sir emas, deya bildiradi tashkilot.
“Bunday repressiv tuzum timsoli bo'lgan dizaynerga moda haftaligidan joy berilmagani tahsinga sazovor. Inson huquqlarini oyoq osti qilayotganlar bunday ko'rgazmalar orqali o'z nufuzini oshira olmaydi",- deydi Stiv Sverdlov, Human Rights Watch vakili.
Endilikda Gulnora Karimova bilan hamkorlik qiladigan Mercedes-Benz, moda haftaligi homiysidan ham prezident qizi bilan aloqalarni uzish so'ralmoqda.
Human Rights Watch nazarida modami yoki boshqa tadbir, inson huquqlarini keng ko'lamda buzadigan davlatlarning namoyondalariga ularda o'rin berilmasligi lozim.