Kongress talabini qondirgan holda AQSh Moliya vazirligi Rossiya hukumatiga yaqin boylar ro'yxatini chiqardi. Lekin Oq uyning bildirishicha, ularga sanksiya qo'yilmaydi. Prezident Vladimir Putin bu ishni aqlsizlik va dushmanona qadam deb atagan.
200 dan oshiq odam tilga olingan. Ularning ayrimlari allaqachon sanksiya ostida.
2017-yilning avgustida Kongress ma'qullagan qonunga ko'ra, Rossiyaning bir necha ko'zga ko'ringan badavlat fuqarolari cheklovlar bilan jazolangan. Ular Amerikadagi 2016-yilgi prezident saylovlarida Rossiya hukumati jarayonni buzishga uringanida o'z hissasini qo'shgan, deya gumon qilinadi.
O'shanda qonunchilar Tramp ma'muriyatidan maxsus ro'yxat tuzishni talab qilgan. Unda Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, shuningdek, razvedka idoralarining boshliqlari ham bor. Asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov, qator sanoatlarga pul tikkan milliarder Roman Abramovich, alyuminiy magnati Oleg Deripaska, "Sberbank" rahbari German Gref va "Gazprom" rahbari Aleksey Miller ism-sharifini ham ko'rasiz.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bu ro'yxatda. Uning nazarida, bunday siyosat bilan AQSh shuncha odamni o'z dushmani deya tamg'alamoqda. Rossiya hukumati bu qadamni tahlil qilib, tegishli javob beradi, deydi Peskov.
Kongress qabul qilgan qonunga ko'ra, Rossiya maxfiy xizmatlari bilan aloqador shaxslar hamda federatsiya bilan harbiy jihatdan "salmoqli hamkorlik" qilgan tomonlar jazolanishi kerak. Davlat departamentining bayon qilishicha, AQShga sherik bo'lgan davlatlar hozirda Rossiya bilan bir necha milliard dollarga teng shartnomalarni bekor qilgan, ya'ni rejalangan xaridlar endi amalga oshirilmaydi.
AQSh qo'lida bu borada ishonchli ma'lumotlar, isbot-dalil bor, deya bildirmoqda Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Nauert. Lekin u biror davlatning nomini tilga olmaydi.
Demokrat kongressmen Steni Hoyer Tramp ma'muriyatini qo'rqoqlikda ayblamoqda. Rossiya aggressiyasiga javob berishdan bosh tortmoqda, deydi u.
"Sanksiya qo'yilishi kerak, aks holda hech qanday ta'sir bo'lmaydi. Rasmiylarimiz ovozini chiqarmayotganidan norozimiz. Ishonch yo'q bu ma'muriyatga", - deydi yetakchi qonunchi.
Yana bir demokrat kongressmen Raja Krishnamurti fikricha, Oq uy o'z vazifasini bajarishga qodir emasligini ko'rsatmoqda.
"Kongress sanksiya qo'yilsin, deb qonun qabul qilgan. Rossiya bizning demokratik tizimimizni buzishga harakat qildi. Prezident esa bu qonunni amalga oshirishdan bo'yin tovalamoqda", - deya yozdi Krishtamurti "Twitter: sahifasida.
Your browser doesn’t support HTML5