Nyu-York, terror xurujlaridan 10 yil o'tib

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Nyu-Yorkdagi xurujlardan 10 yil o'tib, qurilishlar avj olib, azim shahar yanada ko'rkamlashgan. Aholisi soni ham o'smoqda. Har yili shaharga 40 milliondan ziyod odam sayohat qiladi.

Nyu-York shahrining ko'p joylari o'zgarmagan. "Tayms Skver" xiyoboni hali ham odamlar va mashinalar bilan gavjum. Beshinchi Avenyu hamon xaridorlarni o'ziga tortyapti. "Ozodlik Ma'budasi" esa Nyu-York sohiliga kelganlarni hanuz olqishlayotgandek.

Ammo bir vaqtlar Jahon savdo markazining egizak osmono'par binolari qad ko'targan joyni hozir tanib bo'lmaydi.

Nyu-yorklik Jen Jef va Adam Sills 2001-yil voqealari haqida eslamaslikka harakat qilamiz, garchi Nyu-York terrorchilar uchun hali ham nishon ekaniga qaramay, deydi ular. Turli millat vakillari yashovchi Bruklindan ketmaymiz, deydi Jen.

"Bu yerni xush ko'ramiz. Ancha o'rganib qolganmiz. Odamlarini, bu yerdagi xilma-xillikni sevamiz. Ko'chaga chiqsangiz, qulog'ingizga turli tillardagi suhbatlar chalinadi", - deydi Jen Jef.

Xurujlardan keyin nyu-yorkliklar umidni boy bermadi, deydi Jenning turmush o'rtog'i Adam.

"Nyu-York o'zining kuchli va chidamli shahar degan nomini oqladi. Boshimizga qanday qiyinchiliklar tushmasin, hammasidan eson-omon chiqdik. Odamlarimizning ruhiyatiga tasanno. Muammolarga bardosh beribgina qolmay, ularni yengishga ham qodirmiz", - deydi Adam.

Kolumbiya universitetida psixologiya bo'yicha professor Jorj Bonannoning aytishicha, Nyu-York ahlining 11-sentabr voqealariga munosabati mamlakatning boshqa burchaklaridan ancha farq qildi.

Shahar aholisi boshqa hududlardagi amerikaliklarga qaraganda o'ziga ancha tez keldi, deydi u.

"Boshqa joylarga e'tibor bersak, 11-sentabr voqealaridan bir necha yil o'tib ham tushkunlik hukm surdi, ammo Nyu-Yorkda bu tez o'tib ketdi", - deydi professor.

Ammo o'sha mudhish kunni ayrimlar kechagidek eslaydi. Yudelka Sepeda advokatlik firmasida ishlaydi.

"11-sentabr voqealari haqidagi tasvirlarni ko'rsam, ko'zimga yosh kelaveradi, dilim tilka-pora bo'lganday. U kunni eslash men uchun juda og'ir", - deydi u.

Sepeda Nyu-Yorkning Bronks rayonida, qarindosh-urug'lari yonida yashaydi. Nyu-Yorkni sevaman, deydi u. Ammo o'zimni xavfsiz his qilolmayman bu yerda. 13 yashar qizimning taqdiridan bezovtaman, deydi u.

"Tinchroq, aholisi kamroq, metrosi, baland imoratlari yo'q shaharga ko'chishni istayman. Nyu-York har qalay hammaning va, ayniqsa, terrorchilarning diqqatini o'ziga tortadigan shahar", - deydi u.

Sepedaning fikricha, tiqilinch jamoat transporti terrorchilar uchun eng yaxshi nishon. Qizim maktabga metroda borgani uchun doim xavotirlanaman, deydi u.

"Biror kor-hol bo'lmasin deyman unga. Axir uni himoya qilishga ojizman, qo'limdan hech narsa kelmaydi", - deydi Sepeda.

Boshqalar nazarida xavotirga o'rin yo'q. Adam Sills oilam Nyu-Yorkka bo'lgan mehrimni yanada oshirdi, deydi.

"Nyu-York men uchun juda qadrdon joy. Bu yerda katta bo'ldim. Farzandimni voyaga yetkazyapman. Hayotim shu shaharda o'tmoqda. Bu yerda yashayotganimdan afsuslanmayman", - deydi u.

Adam singari fikrlaydiganlar oz emas. Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, kelasi 20 yilda bir millionga yaqin odam Nyu-Yorkka, o'tmishdan ko'ra bugungi kun va kelajakka qarab yashovchi shaharga ko'chishi kutilmoqda.